Afg‘onistonda ishlayotgan BMTning o‘nlab afg‘on xodimalariga o‘lim bilan tahdid qilishdi. Bu haqda tashkilot hisobotiga tayanib, Al Jazeera xabar berdi.

“Tolibon” 2021-yilda hokimiyatga qaytgach, ayollarning ish huquqlarini keskin chekladi. Oxirgi marta xodimalar may oyida ochiq tahdidga uchradi. “Tolibon” bu tahdidlarga javobgar emasligini bildirdi va Ichki ishlar vazirligi tergov olib borilayotganini ta’kidladi. Vazirlik matbuot kotibi Abdul Matin Qani esa hech qanday tahdid bo‘lmaganini aytdi.
Bu mutlaqo noto‘g‘ri. Ularga hech qanday sohada tahdid yo‘q, hech kim ularga tahdid qila olmaydi va ularning xavfsizligiga xavf tug‘dira olmaydi, degan u Associated Press axborot agentligiga bergan intervyusida.
Hisobotda qayd etilishicha, tahdidlar BMTning Afg‘onistonga yordam missiyasi (UNAMA) hamda boshqa agentliklar, fondlar va dasturlar bilan hamkorlik qilgan noma’lum shaxslar tomonidan amalga oshirilgan. Bu holat BMTni xodimlar xavfsizligini ta’minlash uchun vaqtinchalik choralar ko‘rishga undadi.
“Tolibon” 2022-yil dekabrda afg‘on ayollariga mahalliy va xorijiy nodavlat tashkilotlarda ishlashni taqiqlagan edi. Oradan olti oy o‘tib, bu taqiq BMT xodimalariga ham tatbiq etildi. Keyinchalik, “Tolibon” ayollarni ishga qabul qilayotgan tashkilot va guruhlar faoliyatini cheklash bilan qo‘rqitdi. BMT hisoboti sohada faoliyat yuritayotgan afg‘on ayollariga o‘lim tahdidlari mavjudligini birinchi marta rasman tasdiqladi.
Izoh (0)