26 yoshli Anvar Faridov xalqaro transport va logistika sohasida O‘zbekistondan yetishib chiqqan umidli yoshlardan. Ilk faoliyatini “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJda boshlagan samarqandlik qahramonimiz bugun Nyu-Yorkda ilmiy izlanishlar olib borish bilan band.
Maktabdan magistrlikgacha
Anvar Faridovning temiryo‘l sohasiga bo‘lgan qiziqishi bolalikdan boshlangan. O‘rta-maktabni bitirib, dastlab temiryo‘l kollejida o‘qidi. 2021-yilda esa Toshkent davlat transport universitetini “Transport logistikasi” mutaxassisligi bo‘yicha a’lo baholar bilan tamomladi. Keyinchalik “Temiryo‘l transportida tashishlar xavfsizligini ta’minlash” yo‘nalishida magistrlik darajasini ham oldi.
Talabalik yillarida Anvar nafaqat o‘qishda, balki turli olimpiada va tanlovlarda qatnashib, faol yetakchi sifatida ham tanilgan. “Yoshlar ittifoqi” a’zosi o‘laroq talabalar uchun “Speaking club” tashkil etgani uning yetakchilik va tashabbuskorlik qobiliyatlaridan darak berardi.
Karyeraning boshlanishi
2021-yilda oliygohni tamomlagach, Anvar “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorik jamiyatida ish boshladi. U yerda qisqa muddat ichida o‘zini kerakli kadr sifatida ko‘rsatdi. Xususan, 2022- va 2023-yillarda samarali mehnati ortidan faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi. Qilingan mehnat natijasi o‘zini uzoq kuttirmadi: 2023-yil avgustidan boshlab u tashqi tashuvlar strategiyasi bo‘limiga rahbar etib tayinlandi.
Bu davrda Anvar qator yirik xalqaro loyihalarda ishtirok etdi. Jumladan, O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy, O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston yo‘nalishlarida temiryo‘l qurilishi, shuningdek, xalqaro multimodal koridorlar: Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston-Turkmaniston-Ozarbayjon-Gruziya-Yevropa”, “Belarus-Rossiya-Qozog‘iston-O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston-Hind okeani portlari” va “Osiyo Tinch okeani mintaqasi-Xitoy-Qirg‘iziston- O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron-Turkiya-Yevropa. U bu yo‘nalishlarda nafaqat tahliliy xaritalar tayyorladi, balki xalqaro hamkorlik bo‘yicha muzokaralarda ham faol ishtirok etdi.
“Mening vazifam faqat marshrutlarni chizish emas, balki davlatlar o‘rtasidagi ishonchli transport aloqalarini qurishdan iborat edi”, deydi Anvar.
“Maqsadlarim katta, shuning uchun okeanortiga yo‘l oldim”
2024-yilda Anvar o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlariga erishish, xalqaro toifadagi mutaxassis darajasiga erishish maqsadida Qo‘shma Shtatlar sari otlandi. Avval Mayamiga, so‘ng Nyu-Yorkka tahsil olish uchun bordi. Bu yerda u nufuzli ilmiy nashrlarda o‘z maqolalari bilan chiqishlar qilib turadi. Jumladan, “Innovatsion rivojlanish” xalqaro ilmiy jurnalining “Temir yo‘l transporti: dolzarb masalalar va innovatsiyalar” to‘plamida “Avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ta’minlashning innovatsion usullari”, Butunrossiya ilmiy-konferensiyasi — “Smart Student Science – 2019”da “Barqaror iqtisodiyot uchun barqaror transport tizimlari”, yana bir xalqaro ilmiy-onlayn konferensiyada esa “Ilmiy tadqiqotlar sohasidagi ilmiy jihatlar va tendensiyalar” kabi mavzulardagi maqolalari bilan ishtirok etgan.
Bundan tashqari, 2023-yilning oktabr oyida Anvar Xiva shahrida bo‘lib o‘tgan “Valday” xalqaro muloqot klubining “Rossiya va O‘zbekiston: umumiy chaqiriqlar va yangi yechimlar” mavzusidagi anjumani va boshqa tadbirlar ishida qatnashdi. O‘zining xorijga ko‘chib o‘tish qarorini: “Men bir joyda to‘xtab qolmasligim kerakligini, bilim va ko‘nikmalarimni takomillashtirib borishim zarurligini yaxshi anglardim. Chunki maqsadlarim katta, shuning uchun okeanortiga yo‘l oldim”, deya izohlaydi u.
Kelajak rejalari
Anvar kelgusida barqaror transport infratuzilmasi bo‘yicha yirik xalqaro loyihalarda ishtirok etishni, shuningdek, O‘zbekistonning savdo va tranzit salohiyatini yanada oshirishga hissa qo‘shishni niyat qilgan. “Maqsadim — O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyo uchun yangi avlod logistika va transport siyosatini yaratish”, deydi u. Uning bu g‘oyasi ko‘proq ilm-fan, raqamlashtirish, xavfsizlik va ekologik barqarorlikni o‘zida jamlagan yondashuvga asoslanadi.
“Transport — bu shunchaki yuk tashish emas, bu iqtisodiy erkinlik, siyosiy barqarorlik va madaniy aloqalar vositasi”, — deya ta’kidlaydi Anvar.
Saidaziz A’zamov suhbatlashdi
Izoh (0)