G‘azoning HAMAS harakati Isroil bilan urushni yakunlash bo‘yicha asosiy talab — qurolsizlanish masalasiga yana bir bor rad javobi berdi. Guruhning bayonotiga ko‘ra, ular faqat mustaqil va to‘liq suverenitetga ega, poytaxti Quddus bo‘lgan Falastin davlati tashkil etilgandagina qurolsizlanishga rozi bo‘ladi. Bu haqda Al Arabiya xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, HAMAS bu qarorini Qatarda qabul qilingan deklaratsiyaga javoban ma’lum qilgan. Misr va Qatar 29-iyul kuni Fransiya va Saudiya Arabistoni tomonidan e’lon qilingan deklaratsiyani ma’qullagan. Unga ko‘ra, ikki davlat yechimi qo‘llab-quvvatlanib, HAMAS o‘z qurollarini Falastin ma’muriyatiga topshirishi lozimligi ta’kidlangandi.
Ammo G‘azoni 2007-yildan beri boshqarib kelayotgan HAMAS harakati bayonotida “qurolli qarshilik ko‘rsatish huquqidan” voz kechmasligini ma’lum qilmoqda. Harakat faqat mustaqil Falastin davlati barpo etilsa, bu masalani ko‘rib chiqishini bildirgan.
Isroil esa urushni to‘xtatish bo‘yicha har qanday kelishuvning asosiy sharti sifatida HAMAS’ning qurolsizlanishini ko‘radi. Bosh vazir Benyamin Netanyaxu iyul oyida bayonot berib, mustaqil Falastin davlati tashkil etilishi Isroil xavfsizligiga tahdid solishini ta’kidlagan. Shuningdek, u bu hududlarda xavfsizlik nazorati Isroilda qolishi kerakligini bildirgan. Netanyaxu Britaniya va Kanadaning Falastin davlatini tan olish rejasini ham tanqid ostiga olib, bu qarorni “HAMAS’ga mukofot” deb atagandi.
Ma’lumot uchun, 2023-yil 7-oktyabr kuni HAMAS jangarilari Isroil janubiga hujum uyushtirib, 1 200 kishini o‘ldirgan va 251 kishini garovga olgan. Bu voqeadan so‘ng Isroilning G‘azoga boshlagan harbiy amaliyotlari oqibatida bugungacha 60 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi va hudud vayronaga aylandi.
Izoh (0)