Rossiya Davlat Dumasi deputatlari muhojir oilalardan bo‘lgan maktab o‘quvchilariga bepul ta’lim berishni taqiqlovchi yangilangan qonun loyihasini taqdim etishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda deputat Yaroslav Nilov o‘zining Telegram kanalida xabar berdi.

Tashabbus 1-sinfdan 11-sinfgacha bo‘lgan o‘quvchilarga taalluqli. Loyihaning dastlabki varianti deputatlar tomonidan iyul oyida rad etilgan edi.
“Chet ellik bolalar yoshi va sinfidan qat’i nazar, pulli ta’lim olishlari shart. Ular uchun rus tilini bilish bo‘yicha test topshirish imkoniyatlari soni uchta bilan cheklanishi kerak”, deb yozadi deputat.
Deputatning tushuntirishicha, avval rad etilgan ushbu qonun loyihasiga aynan shunday o‘zgartirishlar kiritilgan. Hozirda deputatlar fraksiyalararo maqomga ega yangilangan tashabbusni Davlat dumasiga kiritishga tayyorlanmoqda.
May oyida Rossiya Davlat dumasi birinchi o‘qishda migrantlar farzandlarini maktabga qabul qilishda rus tilini bilish uchun majburiy testdan o‘tkazishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini bir ovozdan ma’qullagandi.
“Rosobrnadzor” rahbari Anzor Muzayevning ma’lum qilishicha, 3,6 mingdan ortiq chet el fuqarosi o‘z farzandlarini Rossiya maktablariga qabul qilish uchun rus tili bo‘yicha testdan o‘tkazishga ariza topshirgan. Uning aytishicha, 509 nafar bola testdan o‘tgan, ularning 55 foizi (270 kishi) sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan.
Sinov Rossiya Federatsiyasida doimiy yashovchi migrantlarning farzandlari uchun o‘tkaziladi. Imtihon asosiy modullarni o‘z ichiga oladi: o‘qish, yozish va tinglab tushunish. “Rosobrnadzor” har oyda natijalarni monitoring qilib boradi.
Rossiyada 1-apreldan boshlab migrant bolalari maktabga qabul qilinishidan oldin rus tilini bilish darajasini tekshirish uchun testdan o‘tkazila boshlandi.
Izoh (0)