AQSH prezidenti Donald Tramp G‘azo sektoridagi ocharchilikka qarshi kurashish rejasi ustida ishlayotganini ma’lum qildi. U bu haqda Axios portaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

“Biz odamlarga yordam bermoqchimiz. Ularning yashashiga ko‘maklashmoqchimiz. Odamlarning to‘yib ovqatlanishini istaymiz. Bu allaqachon amalga oshirilishi kerak bo‘lgan narsa edi”, dedi Tramp.
Amerika rahbari G‘azo sektoridagi ocharchilik haqidagi xabarlardan tashvishda ekanligini bildirgan. U radikal Falastin HAMAS harakatini anklavga kelayotgan insonparvarlik yordamini o‘g‘irlash va keyinchalik sotishda ayblagan.
2025-yil 2-martdan boshlab G‘azo sektoriga xalqaro gumanitar yordam yetkazilmayapti. Isroilning qarori bilan barcha nazorat-o‘tkazish punktlari yopiq holda qolmoqda. Oziq-ovqat taqsimoti esa Isroil va AQSH tomonidan boshqariladigan G‘azoga insonparvarlik yordami jamg‘armasi punktlari tizimi orqali amalga oshirilmoqda.
HAMASning ta’kidlashicha, “yordamning katta qismi ilgari evakuatsiya qilingan xavfli hududlarga havo orqali tashlanmoqda. Bu esa mazkur yordamni samarasiz qiladi va tinch aholining hayotini xavf ostiga qo‘yadi”.
Bundan avval Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful Isroilga tashrifi davomida GFRning G‘azo sektoridagi och qolgan aholiga yordamni kengaytirayotganini va BMTning Jahon oziq-ovqat dasturiga (WFP) qo‘shimcha 5 million yevro ajratilishini e’lon qilgandi.
Ilgari BMT Jahon oziq-ovqat dasturi G‘azo sektorida oziq-ovqat iste’molining asosiy ko‘rsatkichlari 2023-yil oktyabr oyida mojaro avj olgandan beri eng yomon darajaga yetganini ma’lum qilgan edi.
“Oziq-ovqat xavfsizligi fazalarining integratsiyalashgan tasnifi” (IPC) xalqaro monitoring tashabbusiga ko‘ra, anklav aholisining 39 foizi ketma-ket bir necha kun davomida och qolishga majbur, 500 mingdan ortiq kishi — G‘azo aholisining qariyb chorak qismi ochlikka yaqin sharoitda yashayapti.
Isroilning 2023-yil oktyabrida G‘azoga qarshi boshlagan urushi oqibatida halok bo‘lgan falastinliklar soni 60 mingdan oshdi. Ularning qariyb 150 nafari ocharchilikdan vafot etgan.
Izoh (0)