O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmalari respublika kengashi xalqaro til sertifikati yo‘q o‘qituvchilarni ishdan bo‘shatmaslik bo‘yicha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga taqdimnoma kiritdi.

Unda ta’kidlanishicha, 2021-yilda qabul qilingan hukumat qarorlariga binoan, xorijiy tillar o‘qituvchilaridan 2025/26-o‘quv yiliga qadar kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro til sertifikatiga ega bo‘lish talabi qo‘yilgan. Biroq mazkur talab pedagogning lavozimga tayinlanishi uchun asosiy shart emas, balki qo‘shimcha talab sifatida belgilangan.
“Mehnat kodeksida aynan sertifikat yoki malaka tavsifiga qo‘shimcha talab tufayli mehnat shartnomasini bekor qilish talabi belgilanmagan”, deyiladi vazirlikka yuborilgan xatda.
Bildirilishicha, Mehnat kodeksining 8-moddasiga ko‘ra, hech bir normativ-huquqiy hujjat xodimning huquqiy holatini yomonlashtirishi mumkin emas. Shuningdek, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi va O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmalari Respublika kengashi o‘rtasida 2023—2925-yillar uchun tuzilgan tarmoq jamoa kelishuvining 27-bandida quyidagi me’yorlar kiritilgan: “vazirlik tizimidagi o‘zgarishlar va ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlardan kelib chiqib pedagoglar va xodimlarning malakasini oshirishni tashkil qiladi. Agar ma’lum bir yo‘nalishda o‘qituvchilarda sertifikatga ega bo‘lishi talabi yuzaga kelsa, xodimlarining malakalarini oshirish va ushbu sertifikat olish uchun dastlab o‘quv tashkil qilinadi, ammo ushbu sertifikatning yo‘qligi xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish uchun asos bo‘lmaydi”.
Kasaba uyushmasi quyidagi choralarni ko‘rishni so‘radi:
- hududiy tashkilotlar va ish beruvchilarga B2 sertifikatisiz o‘qituvchilar bilan tuzilgan shartnomalarni bekor qilish amaliyotini zudlik bilan to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatma berish;
- Vazirlar Mahkamasining 312-son qaroriga zarur huquqiy o‘zgartishlar kiritish bo‘yicha takliflar tayyorlash;
- mazkur qonunga zid ko‘rsatmalar bergan mutasaddi va ish beruvchilarga nisbatan intizomiy chora ko‘rish;
- o‘qituvchilarga nisbatan kamsitishga yo‘l qo‘yilmasligini ta’minlash.
Kasaba uyushmasi, shuningdek, vazirlikdan mazkur masala bo‘yicha ko‘rilgan choralarni rasmiy sahifalar orqali jamoatchilikka yetkazishni va qisqa fursat ichida axborot berishni so‘radi.
Izoh (0)