Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin TASS axborot agentligi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Mixail Gusmanni lavozimidan ozod etish to‘g‘risidagi farmoyishni imzoladi. Hujjat huquqiy axborot rasmiy portalida e’lon qilingan.

Kadrlar bo‘yicha qaror sabablari hujjat matnida ko‘rsatilmagan.
Ma’lum qilinishicha, TASS bosh direktori Andrey Kondrashov Gusmanga “agentlikdagi 30 yillik fidokorona mehnati” uchun minnatdorlik bildirib, unga yangi loyihalar va iqtidorli jamoalar tilagan.
Gusmanning iste’fosi uning Ozarbayjondagi Shusha Global Media Forumidagi ishtiroki atrofidagi shov-shuv bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. U Shushada prezident Ilhom Aliyevga savol bilan murojaat qilib, Ozarbayjonning tashqi siyosatini “mutlaqo noyob” deb ta’riflab, uning asosiy tamoyillarini tushuntirib berishni so‘ragan.
“Sizdan buni qanday uddalayotganingizni so‘rash mohir skripkachidan skripkani qanday chalishini so‘rash bilan barobar ekanligini tushunaman. U shunchaki: “G‘ijjakni, kamonni olib chalaman”, deydi. Ammo sizning siyosatingiz, menimcha, juda aniq va puxta o‘ylangan siyosiy tamoyillarga asoslangan bo‘lib, bu sizga ushbu ko‘p qirrali siyosatni yuritishga imkon beradi. Shu bois, menimcha, muvaffaqiyatli tashqi siyosat olib borishga yordam beradigan prezident Aliyevning 5-7 ta asosiy siyosiy tamoyillarini aytib bera olasizmi?”, deya so‘ragan Gusman.
Forumdan so‘ng bir qator rossiyalik blogerlar Gusmanni qattiq tanqid qilishgan. Telegram kanallar mualliflari uni “ozarbayjon qamoqxonalarida rus jurnalistlari o‘tirgan” bir paytda Bokuga xushomad qilishda ayblashgan.
Moskva va Boku o‘rtasidagi munosabatlardagi inqiroz 2024-yil 25-dekabr kuni Qozog‘istonning Aqtau shahrida AZAL samolyoti halokatga uchraganidan so‘ng keskinlashdi. Samolyot Bokudan Grozniyga yo‘l olgan edi. Iyul oyi o‘rtalarida Ozarbayjon Rossiyaga qarshi xalqaro sudga da’vo arizasi topshirmoqchi ekani ma’lum bo‘ldi.
O‘zaro hibsga olishlardan so‘ng vaziyat yanada keskinlashdi. Iyun oyi oxirida Yekaterinburgda 2001-2011-yillardagi jinoyatlar bo‘yicha ishlar doirasida 50 ga yaqin Ozarbayjon fuqarosi qo‘lga olindi. Ikki nafar asosiy gumonlanuvchi - aka-uka Huseyn va Ziyaddin Safarovlar tergov harakatlari davomida vafot etdi. Boku ularning o‘limiga olingan tan jarohatlaridan keyingi shok sabab bo‘lganini ta’kidlamoqda.
Bunga javoban Ozarbayjonda o‘ndan ortiq rossiyalik hibsga olindi. Shuningdek, “Sputnik Ozarbayjon” tahririyatida tintuv o‘tkazilib, ikki xodim qamoqqa olindi.
Izoh (0)