Yevroparlament 19-iyul kuni Gruziya avtoritar tizimni o‘zgartirmaguncha ittifoqqa qo‘shila olmasligini ma’lum qildi. Bu haqda Civil Georgia xabar berdi.

Yevroittifoqning ta’kidlashicha, Gruziyaning hamdo‘stlikka qo‘shilishi mamlakatda “adolatli saylovlar o‘tkazilgunga qadar” inkor etiladi.
“Yevroparlament Gruziyaning amaldagi hukumatini tan olmaydi. Biroq ittifoq respublika xalqini qo‘llab-quvvatlashda davom etadi”, deyiladi tashkilot bayonotida.
Gruziyadagi ichki siyosiy vaziyat va mamlakatning Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlari 2024-yil oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan parlament saylovlaridan so‘ng keskinlashgandi. Saylovda hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi 53,93 foiz ovoz bilan g‘alaba qozongan. Muxolifat esa partiyani soxtalashtirishda ayblab, saylov natijalarini tan olishdan bosh tortgan. Oqibatda mamlakatda keng qamrovli namoyishlar boshlanib ketgan.
Shu bilan, Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish jarayoni to‘xtab qolgandi. Transparency International Georgia hisob-kitoblariga ko‘ra, o‘sha paytdagi tartibsizliklarda kamida 400 kishi hibsga olingan.
Ma’lumot uchun, Gruziya fuqarolari 2017-yildan boshlab YI hududiga qisqa muddatli sayohatlar (90-180 kungacha) uchun vizasiz kirish imkonini qo‘lga kiritgan. 2022-yilda esa mamlakat itifoqqa rasmiy ravishda qo‘shilish uchun ariza topshirgan. 2023-yil oxirida Gruziyaga kandidatura maqomi berilgan. Buning evaziga ittifoq mamlakatdan 9 ta asosiy siyosiy va demokratik islohotlarni bajarishni talab qilgan. Ular qatorida sud tizimi, ommaviy axborot vositalari erkinligi, korrupsiyaga qarshi kurash, siyosiy qamrovchanlik va hokazolar bor edi.
Izoh (0)