Toshkentdagi Fotosuratlar uyida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va “O‘zarxiv” agentligi tomonidan “Mo‘ynoq: kecha, bugun, ertaga” nomli fotoko‘rgazma tashkil etildi. Ko‘rgazmani hech bir mubolag‘asiz tarix, ekologik fojia va tiklanish manzaralarini bir paytda namoyon etgan muhim ijtimoiy loyiha deyish mumkin.
Bu ekspozitsiya shunchaki rasmlar orqali maʼlumot taqdim etish bilan cheklanmaydi, tomoshabinni fikrlashga, savol berishga va xulosa chiqarishga chorlaydi. Sababi fotosuratlarda aks etgan voqelik uzoq o‘tmishda emas, bugun ham davom etmoqda va ertaning masʼuliyati aynan bizning avlod zimmasida.
Ko‘rgazmadagi suratlar Mo‘ynoq tarixining turli bosqichlarini qamrab olgan: dengiz porti bo‘lgan davrlar, dengizning chekinib borish jarayoni, cho‘llashishi va eng muhimi – so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar. Ular tomoshabinni Orol fojiasining qalbga taʼsir qiluvchi oqibatlari bilan ro‘baro‘ qiladi. Shu bilan birga, bu suratlar Orolbo‘yini tiklashga qaratilgan keng ko‘lamli saʼy-harakatlarni ham ko‘rsatadi. Bu muhim: chunki ekologik fojialar faqat ko‘z yoshi emas, balki harakat talab qiladi. O‘zbekistonda so‘nggi yillarda aynan shu yo‘l tanlandi – Orolbo‘yi aholisining ijtimoiy va iqtisodiy ahvolini yaxshilash orqali Orol fojiasining oqibatlarini yumshatish, inson qadrini yuqori ko‘tarish.
O‘tmishdagi muammolar maʼlum: Orol dengizi qurishi, zaharli changlar, migratsiya, ishsizlik. Ammo bugun davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri aynan Orolbo‘yini barqaror rivojlantirishga qaratilmoqda. 2017-yildan boshlab bu hududga alohida maqom berildi, milliy va xalqaro darajadagi loyihalar jalb etildi. “Green Aral Sea” tashabbusi doirasida yuz minglab gektar maydonga daraxtlar ekildi. Bu nafaqat tuproqni muhofaza qilish, balki atmosfera va havo tozaligi uchun ham katta ahamiyatga ega. Bundan tashqari, meteorologik kuzatuvlar va iqlim tahlillari asosida yerdan oqilona foydalanish bo‘yicha yangi yondashuvlar ishlab chiqilmoqda.
Biroq asosiy eʼtibor faqat ekologiya bilan cheklanib qolmayapti. Mo‘ynoq va unga tutash hududlardagi ijtimoiy infratuzilma yangilanmoqda, yangi maktablar, shifoxonalar, yo‘llar qurilmoqda. Mo‘ynoqda iqtisodiy faol aholi soni 2015-yilga nisbatan 20 foizga oshgani buning yaqqol isboti. Yangi korxonalar ochilyapti, kichik biznes va qishloq xo‘jaligi uchun kreditlar ajratilyapti.
Turizm sohasida ham katta o‘zgarishlar qilindi. Kemalar muzeyi, “Stihia” festivali, cho‘ldagi sayyohlik yo‘nalishlari nafaqat iqtisodiy foyda, balki mintaqaning madaniy qiyofasini ham qayta tiklayapti. Faktlarga murojaat qilaylik
Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va turizm:
- Sanoat zonasi tashkil etilib, korxonalar uchun 2017–2027-yilgacha soliq imtiyozlari berildi;
- Turizm infratuzilmasi va “Aral Sea” tur-klasterini rivojlantirish rejasi qabul qilindi, cho‘l maydonda kvadratsikl sayrlari, mineral ko‘za-vannalar tashkil etildi; kemalar shaharchalari rekonstruksiya qilindi, kemalar muzeyiga aylantirildi .
Madaniy muhit: Stihia festivali (2018-yildan hozirgacha):
- Har yili Mo‘ynoqda elektron musiqa festivali o‘tkaziladi, 10 000ga yaqin ishtirokchilar qatnashdi, bu madaniyat orqali ekologik muammolarga xalqaro hamjamiyat diqqati qaratilishiga sabab bo‘lmoqda.
Tadbirkorlikni qo‘llab‑quvvatlash:
- Jami $1,4 mlrd sarmoya, 150 ta loyiha; kichik va o‘rta bizneslar.
Bu yerdagi har bir tashabbus ortida bir fikr bor: Orol fojiasi – O‘zbekiston xalqini birlashtirgan hamdardlik va hamjihatlik nuqtasidir. Birgalikda muammolarni yengib rivojlanamiz!
Mo‘ynoqda amalga oshirilayotgan islohotlar Yangi O‘zbekistonda inson qadri markazga qo‘yilgan davlat siyosatining amaliy natijasidir. Hududga qaratilayotgan eʼtibor faqat moddiy yordam emas, balki tiklanish, yangilanish va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish orqali namoyon bo‘lyapti. Chunki tabiatga nisbatan munosabat bugun – faqat ekologik emas, siyosiy va axloqiy masaladir ham.
“Mo‘ynoq: kecha, bugun, ertaga” suratlari buni eslashimiz uchun, shunday holatlar qaytarilmasligi uchun va eng muhimi, bugun qilingan saʼy-harakatlar qadrini anglashimiz uchun xizmat qiladi.
Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, garchi Orolni eski holiga qaytara olmasak ham, u yerdagi har qanday murakkab muammoni yecha olamiz.
Mashhura Yunusova, jurnalist
Izoh (0)