“2028-yil Los Anjeles shahrida (AQSH) bo‘lib o‘tadigan XXXIV yozgi Olimpiya va XVIII Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.

O‘zbekiston sportchilarini Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlashning asosiy maqsadlari etib quyudagilar belgilandi:
- sportning ustuvor toifadagi boks, dzyudo, taekvondo, erkin kurash, og‘ir atletika turlari bo‘yicha medallar sonini oshirish;
- sportning rivojlanayotgan toifadagi triatlon, voleybol, stol tennisi, basketbol, zamonaviy besh kurash kabi 21 ta turi bo‘yicha lisenziyalarni qo‘lga kiritish;
- xalqaro sport tashkilotlari bilan hamkorlikni rivojlantirish.
Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida erishgan natijalardan kelib chiqib, sport turlari ustuvor, istiqbolli va rivojlanayotgan toifalarga ajratiladi.
Ustuvor, istiqbolli va rivojlanayotgan toifalardagi sport turlari ro‘yxati har 4 yilda Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari o‘tkazilgan kalendar yilning yakuniga qadar qayta ko‘rib chiqiladi va tasdiqlanadi.
Qarorga ko‘ra, 2025/2026-o‘quv yilidan Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida o‘qish jarayoni 2 ta bosqichda amalga oshiriladi:
- 1-bosqichda 8–11-sinflar uchun Olimpiya va Paralimpiya maktabi,
- 2-bosqichda 1–2-kurslar uchun Olimpiya va Paralimpiya kolleji faoliyat ko‘rsatadi.
2026-yildan markaz o‘quvchi-sportchilari kontingenti 800 nafarga yetkaziladi. Markazning Olimpiya va Paralimpiya kolleji o‘quvchi-sportchilariga Sport vazirligining stipendiyasi uchun nazarda tutilgan mablag‘lar doirasida oylik stipendiya ta’sis etiladi.
Olimpiya o‘yinlari va ushbu musobaqa dasturiga kiritilgan sport turlari bo‘yicha jahon chempionatlari g‘olib va sovrindorlari oliy harbiy (ixtisoslashtirilgan) ta’lim muassasalariga to‘g‘ridan to‘g‘ri qabul qilinadi.
O‘zbekistonda sportchilarni kelgusi Olimpiadaga tayyorlash uchun 300 milliard so‘m ajratilishi belgilangan. “Sport – bu avvalo tinchlik elchisi, har bir davlat uchun milliy g‘urur manbasi”, degan edi prezident 2025-yilning fevralida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida. Los Anjeles — 2028 Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekistonni kuchli o‘ntalikka kiritish maqsad qilingan.
Izoh (0)