Xitoy AQSH tovarlariga nisbatan avvalroq muzlatilgan savdo tariflari kelgusi oydan tiklanishini aytib, Vashingtonga tahdid qildi. Ikki davlat muzokaralar sabab qo‘shimcha bojlarni to‘xtatib turgan edi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Pekinni Donald Trampning 7-iyul kungi bayonoti norozi qildi. O‘shanda AQSH prezidenti 1-avgustdan boshlab qator savdo hamkorlariga yuqori bojlar qo‘llanishi haqida ma’lum qilgandi. Xitoy hukumati esa bunga javoban, “dunyoning ikkinchi iqtisodini ta’minot zanjiridan uzishga harakat qiluvchi davlatlarga tegishli javob berilishi”ni aytdi.
Vashington va Pekin iyun oyida o‘zaro savdo kelishuviga erishgan, biroq ekspertlar bitim ahamiyatini juda zaif deya baholagan edi. Unga binoan ikki davlat 12-avgustga qadar import cheklovlarini qayta tiklamaslik bo‘yicha kelishuvga erishishi rejalashtirilgandi.
“Xitoy tarif imtiyozlari evaziga mamlakat manfaatlarini qurbon qiladigan kelishuvga erishishga qat’iyan qarshi. Agar shunday vaziyat yuzaga kelsa, Xitoy buni qabul qilmaydi va o‘zining qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun qat’iy javob beradi”, dedi xitoylik mulozim.
Hozirda Qo‘shma Shtatlar tomonidan Xitoydan kelayotgan tovarlarga nisbatan qo‘llanilayotgan boj tariflari o‘rtacha 51,1 foizni tashkil etadi. Xitoy esa bunga o‘rtacha 32,6 foiz bojxona tariflari joriy qilish bilan javob qaytargan.
Izoh (0)