“Manchester Siti” rahbariyati jamoaning himoya chizig‘ini kuchaytirish maqsadida yangi nomzod bilan muzokaralarni boshlagan. Angliya klubi hozirda Italiyaning “Inter” jamoasida to‘p surayotgan niderlandiyalik o‘ng qanot himoyachisi Denzel Dyumfris xizmatiga jiddiy qiziqish bildirmoqda. Bu haqda Football Transfers nashri jurnalisti Stiv Key xabar bergan.

Manbaga ko‘ra, Dyumfrisning shartnomasida 15-iyulgacha amal qiluvchi 25 million yevrolik tovon puli bandi mavjud. “Manchester Siti” aynan shu banddan foydalanishni rejalashtirmoqda va futbolchini jamoani tark etgan Kayl Uokerga munosib o‘rinbosar sifatida ko‘rmoqda.
Avvalroq Dyumfrisga “Barselona” ham qiziqish bildirgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Biroq hozircha transfer amalga oshmagan.
Ma’lumot uchun, 28 yoshli Dyumfris o‘tgan mavsumda barcha musobaqalar doirasida 47 ta o‘yinda maydonga tushib, 11 ta gol urgan va 6 ta golli uzatmaga mualliflik qilgan. Uning “Inter” bilan tuzgan shartnomasi 2028-yil yozigacha amal qiladi. Transfermarkt portali futbolchining qiymatini 35 million yevroga baholagan.
Izoh (0)