Yevropaning ayrim davlatlari, jumladan, Germaniya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya va Fransiya G‘azodagi mojaroni yakunlash maqsadida Isroilga nisbatan savdo sanksiyalari va qurol-yarog‘ savdosiga cheklovlar kiritish masalasini ko‘rib chiqmoqda, deb xabar berdi Bloomberg agentligi.
Bloomberg maʼlumotlariga ko‘ra, Berlinda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu hukumati borasidagi norozilik kuchaygan.
Bu norozilik, ayniqsa, may oyining o‘rtalarida Isroil HAMASga qarshi harbiy amaliyotlarni kuchaytirgani va G‘azoga gumanitar yordamni to‘sishda davom etgani ortidan oshgan.
Germaniya kansleri Fridrix Merts avvalroq bergan bayonotida G‘azodagi gumanitar vaziyatni endilikda “HAMAS terrorizmiga qarshi kurash” bilan oqlab bo‘lmasligini aytgan edi.
Agentlikning yozishicha, tobora ko‘proq davlatlar Isroilga nisbatan sanksiyalar joriy etishga chaqirmoqda va Yevropa Ittifoqini bu borada choralar ko‘rishga undamoqda.
Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha rahbari Kaya Kallas may oyida ko‘pchilik davlatlar Isroil bilan mavjud savdo bitimini qayta ko‘rib chiqish tarafdori ekanini maʼlum qilgandi.
Shundan so‘ng Germaniya kansleri Fridrix Merts Germaniya — Isroilning asosiy qurol yetkazib beruvchilaridan biri sifatida — harbiy eksportga cheklovlar kiritish masalasini ko‘rib chiqayotganini bildirgan edi.
Izoh (0)