Toshkent shahar, Yashnobod tumanidagi Ohangaron shohko‘chasida 3-iyuldan boshlab transport vositalari harakati vaqtincha to‘xtatiladi. Bu haqda poytaxt IIBB matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, bunga qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilishi sabab bo‘ladi. THAY—Ohangaron shohko‘chalari aylanma harakatidan Ohangaron shohko‘chasi bo‘ylab Sharq YPX maskanigacha bo‘lgan qismi avtomashinalar harakati uchun yopilmoqda.
Cheklov 10-iyulgacha amal qiladi. Haydovchilarga Husayn Boyqaro, Parkent yo‘li, Xonobodtepa, Shohimardon ko‘chalaridan harakatlanish tavsiya etilmoqda.
Toshkentda 2-iyul kuni Rohat aylanma yo‘lidagi ta’mirlash ishlari sabab yirik tirbandliklar yuzaga kelgani haqida xabar berilgandi.
Poytaxt IIBB YHXB matbuot xizmati 24-iyun kuni qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilishi munosabati bilan Yashnobod tumanidagi Ohangaron shoh ko‘chasida transport vositalari harakati vaqtincha to‘xtatilishini ma’lum qilgandi. Rasmiy xabarda Temur Malik—Parkent—Maxtumquli ko‘chalari aylanma harakatidan, THAY—Ohangaron shohko‘chalari aylanma harakatigacha bo‘lgan qismi yopilishi ko‘rsatilgan. Ishlarni bajarish dastlab 1-iyulgacha davom etishi qayd etilgandi. Keyinchalik unga o‘zgartirish kiritilib, 4-iyulgacha davom etishi belgilandi.
Izoh (0)