O‘zbekistonda 2025-yil iyul oyida pensiya to‘lovlarini naqdsiz shaklda oluvchilarga mablag‘lar to‘liq moliyalashtirildi. Bu haqda Pensiya jamg‘armasi xabar berdi.

Unga ko‘ra, jamg‘arma tomonidan joriy yilning iyul oyi to‘lov ro‘yxatlariga kiritilgan 4,2 mln nafar pensiya oluvchi uchun talab etilgan mablag‘lar tijorat banklariga moliyalashtirilib berildi.
O‘z navbatida pensiya to‘lovlarini naqd pulsiz shaklda oluvchi 3,5 mln nafar (yoki jami oluvchilarning 85 foizi) fuqaroning bank kartalariga mablag‘lar to‘liq yuklab berilishi ta’minlandi.
Amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq pensiya pullarini naqd shaklda oluvchilarga pensiya pullari 4-iyul kunidan boshlab tasdiqlangan grafiklarga asosan Xalq bankining sayyor kassalari tomonidan yetkazib beriladi.
Ma’lumot uchun, 2025-yil 1-iyuldan respublikada pensiya va nafaqalar miqdorlari 10 foizga oshirildi. Yangi miqdorlar quyidagicha bo‘ladi:
- yoshga doir eng kam pensiya miqdori — oyiga 918 000 so‘m;
- nogironlik pensiyalarining eng kam miqdori — oyiga 1 012 000 so‘m;
- kam taʼminlangan oilalarga bolalar nafaqasining har oylik miqdori:
- 3 yoshgacha bo‘lgan bitta kichik farzandi uchun — 360 000 so‘m,
- 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bitta farzandi uchun — 275 000 so‘m;
- oilaning ikkinchi farzandi uchun qo‘shimcha — 165 000 so‘m;
- oilaning uchinchi va undan keyingi har bir farzandi uchun qo‘shimcha — 110 000 so‘m;
- kam taʼminlangan oilalar uchun moddiy yordamning oylik miqdori — 420 000 so‘m.
O‘zbekistonda pensiya tizimi va miqdori
Pensiya jamg‘armasi ro‘yxatidagi pensionerlar soni 4,2 mln nafarga yetgani haqida xabar berilgandi. O‘zbekistonda 2025-yil 1-iyuldan boshlab pensiyalar va nafaqalar 10 foizga oshirilishi e’lon qilingandi. Prezident farmoni ilovasida fuqarolarga to‘lanadigan barcha pensiyalar va nafaqalar miqdorlari keltirildi.
Unga ko‘ra:
- ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi nogironlik pensiyasining eng kam miqdori — oyiga 1 012 000 so‘m;
- mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nogironlik nafaqasi va bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan nafaqa miqdori — oyiga 1 012 000 so‘m;
- 1941—1945-yillardagi urush oqibatida nogiron bo‘lgan shaxslar va uning qatnashchilari, shuningdek, fashistlar konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari va Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan shaxslarning eng kam pensiya miqdori ustamalarni inobatga olgan holda — oyiga 4 462 000 so‘m;
- belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdoridan (918 000 so‘mdan) 1 012 000 so‘mgacha pensiya oluvchilarning yoshga doir pensiyalari miqdori — oyiga 1 012 000 so‘m;
- zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori – oyiga 820 000 so‘m;
- ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda — oyiga 820 000 so‘m;
- o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band bo‘lgan bolaning qonuniy vakiliga beriladigan nafaqa miqdori — oyiga 820 000 so‘m;
- boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun nafaqa miqdori — oyiga 820 000 so‘m etib belgilanadi va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun — 270 000 so‘mdan qo‘shiladi.
Prezident farmoniga ko‘ra, yoshga doir eng kam pensiya miqdori — oyiga 918 000 so‘m, nogironlik pensiyalarining eng kam miqdori — oyiga 1 012 000 so‘m bo‘ladi. 2025 yil 1-iyuldan boshlab pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori — oyiga 471 000 so‘m etib belgilanadi.
Izoh (0)