Prezident tomonidan 26-iyunda imzolangan qonun bilan O‘zbekistonda “Mahalla servis” kompaniyalariga soliq imtiyozlari berildi.
-6XQo9sWY.avif)
Qonun bilan Soliq kodeksiga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, “Mahalla servis” kompaniyalari tomonidan mahallalarni obod qilish bilan bog‘liq ishlarni bajarish va aholiga qonunchilikda belgilangan ayrim ijtimoiy pulli xizmatlar ko‘rsatishdan olingan mablag‘lar soliq solishda hisobga olinmaydigan daromadlarga kiritildi.
Shuningdek, mazkur xizmatlarni ko‘rsatishga mo‘ljallangan binolar joylashgan yer uchastkalari yer solig‘i solish obyekti hisoblanmasligi belgilandi.
Quyidagi daromad turlariga soliq solinmasligi ko‘zda tutildi:
- “Mahalla servis” kompaniyalari xodimlarining faoliyati natijasida olingan, ularning soliq solinishi lozim bo‘lgan ish haqi tarzidagi daromadlari;
- Chernobil AESdagi halokat oqibatlarini tugatishda ishtirok etgan fuqarolarning, shuningdek ular xotini (eri)ning daromadlari.
Bundan tashqari, Jizzax viloyatining Sharof Rashidov va Toshkent viloyatining Ohangaron tumanlarida tashkil etilgan charm-poyabzal sanoat zonalarini boshqarish direksiyalari mol-mulk, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni to‘lashdan 2025-yil 1-yanvardan 2026-yil 1-yanvargacha ozod etilishi ko‘rsatildi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kirdi.
“Mahalla servis” kompaniyalari haqida
Mahallalarda mahalla obodligi bilan shug‘ullanuvchi “Mahalla servis” kompaniyasi faoliyati prezidentning 2024-yil 25-iyundagi qarori bilan tashkil etilgan.
Servis kompaniyalari:
- mahalla fuqarolar yig‘inining buyurtmasi asosida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish xizmatlarini bajaradi, ariqlar va sug‘orish tizimlarini tozalaydi, ko‘chalarning tozaligini ta’minlaydi, ko‘chatlar ekadi va parvarishlaydi;
- shartnoma asosida ijtimoiy soha obyektlarida obodonlashtirish va kommunal ekspluatatsiya xizmatlarini ko‘rsatadi;
- shartnoma asosida chiqindilarni yig‘ib saralaydi va chiqindi korxonalari tomonidan olib chiqib ketilishini tashkil etadi;
- aholining ehtiyojlaridan kelib chiqib, boshqa turdagi ijtimoiy ahamiyatdagi pulli xizmatlarni ko‘rsatadi.
2024-yilda tajriba tarzida 208 ta mahallada “Mahalla servis” kompaniyalari tashkil qilinib, aholiga 23 turdagi xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan. Prezident 2025-yil mart oyida o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida endi bu tizimni kengaytirib, yana mingta shunday kompaniya tuzishni topshirdi.
Izoh (0)