Nyu York shahri meri uchun saylovda kurashni demokratik partiya nomidan 33 yoshli musulmon siyosatchi Zohran Mamdani olib borishi mumkin. So‘rovlarga ko‘ra, u partiya ichki praymerizida yetakchilik qilmoqda. Bu unga shahar tarixidagi ilk musulmon mer bo‘lish imkonini taqdim etadi.
Saylov byulletеnlarining 95 foizi hisoblab chiqilgach, Mamdani sobiq gubernator Endryu Kuomoga qarshi 43 - 36 foiz nisbatda yetakchilik qilayotgani oydinlashdi. Koumo 2021-yili jinsiy zo‘ravonlik ayblovlari sabab lavozimidan iste’foga chiqarilgan edi. Kuzatuvchilar “Mamdani blitskrigi” ortida xalqdan chiqqan va aholining turli qatlamlariga suyangan siyosiy shaxs turganiga ishonadi.
“Bugun biz tarix yaratdik. Men endi Nyu York shahri meri lavozimiga Demokratik partiya nomzodiman”, degan Mamdani o‘z tarafdorlariga.
Reyting asosida ovoz berish tizimi yakuniy natijani o‘zgartirishi mumkin bo‘lsa-da, Mamdani va Koumo o‘rtasidagi farq va yosh siyosatchiga nisbatan jamiyatning yuqori qo‘llovi kim g‘olib bo‘lishini deyarli aniq qilmoqda. Agar Mamdani bu kurashda yutib chiqsa, saylovchilar ilgari shtat siyosatida muhim rol o‘ynagan qatlamdan yuz o‘girganini, siyosiy muvozanat so‘llar tomonga og‘ishganini anglatadi.
“Xarobadan chiqqan (bo‘lajak) mer”
Zohran Mamdani Ugandaning Kampala shahrida tug‘ilgan bo‘lib, yetti yoshida oilasi bilan Nyu Yorkka ko‘chib kelgan. U tahsilni Bronxdagi High School of Science maktabida olgan. Bakalavr darajasini esa Afrikani o‘rganish yo‘nalishi bo‘yicha Bowdoin kollejida qo‘lga kiritgan. Mamdani u yerda “Falastin uchun talabalar adolati” kampus bo‘limiga asos solgan.

Mamdani, shahar turfa xil millatlarga mansubligini inobatga olib, o‘zining saylov kampaniyasida barcha qatlamlarga kirib borishga harakat qilgan. Saylovoldi targ‘ibot videolaridan biri urdu tilida tayyorlangani hamda unga Bollivud filmlaridan lavhalar qo‘shilgani bunga misol bo‘la oladi. Yana bir materialni esa u ispan tilida e’lon qildi.
Shaxsiy hayot masalasiga kelsak, u asli kelib chiqishi suriyalik rassom Rama Duvaji bilan tanishuv ilovasi orqali tanishib oila qurgan. Onasi mashhur kinorejissyor Mira Nair, otasi esa Kolumbiya universiteti professori Mahmud Mamdani hisoblanadi. Ularning ikkisi ham Garvard universiteti bitiruvchilaridir.
Yosh siyosatchi o‘z imijini xalq orasidan chiqqan nomzod va tashkilotchi obraziga qurishga harakat qilmoqda.
“Hayot meni film, rep va yozuvchilik kabi yo‘nalishlarga burib yuborgan bo‘lsa-da, har doim aynan tashkilotchilik meni dunyo voqealari qarshisida tushkunlikka emas, harakatga undadi”, deyiladi uning shtat qonunchilik assambleyasidagi rasmiy sahifasida.
Siyosat ko‘chasiga qadam bosishdan avval u kam daromadli uy egalari uchun huquqiy maslahatlar beruvchi sifatida ishlagan. Shuningdek, o‘zining musulmon e’tiqodini saylovoldi kampaniyasining ochiq va ajralmas qismiga aylantirgan. Masjidlarni muntazam ravishda ziyorat qilish va hayot kechirishning shahar sharoitidagi baland xarajatlari haqida videolar tayyorlab, mahalliy aholi qalbidan joy olishga uringan. U, shuningdek, jamiyatda mavjud islomofobiyaga e’tibor qaratgan.
“Musulmon sifatida omma oldida turish – bu ba’zan soyada topiladigan xavfsizlikdan kechishni anglatadi”, degan edi u mitinglardan birida.
Mamdani o‘z saylovoldi kompaniyasida narx-navoni nazorat qilish va qashshoqlikka qarshi kurash masalalarini markaziy o‘ringa olib chiqqan. U dunyoning eng qimmat shaharlardan biri hisoblangan Nyu Yorkda saylovchilar narx-navoni arzonlashtirish bo‘yicha real chora-tadbirlar kutayotganini ta’kidlaydi.
“Bu – aholining to‘rtdan biri qashshoqlikda yashayotgan, har kecha yarim million bola och qolib uxlashga yotadigan shahar. U o‘ziga xosligini yo‘qotish xavfida turibdi”, dedi u BBC bilan suhbatda.
Siyosatchi bu maqsadda shahar bo‘ylab avtobus xizmatini bepul qilish, ijara to‘lovlarini muzlatish, uy egalariga nisbatan qat’iy nazorat joriy etish, shahar ma’muriyatiga qarashli oziq-ovqat do‘konlari tarmog‘ini tashkil etish, kasaba uyushmalari nazoratidagi uy-joylar qurilishini uch barobarga oshirish kabi tashabbuslarni ilgari surmoqda.
Mamdani o‘z saylovoldi kompaniyasi jamiyatning turli qismlariga yetib borishi uchun ayrim tashabbuslarga qo‘l urdi. Masalan, Atlantika okeaniga sho‘ng‘ib, ijara to‘lovlarini muzlatish siyosatini ramziy ma’noda ifodaladi. Ramazon ro‘zasini metro ochib, oziq-ovqat xavfsizligiga e’tibor qaratdi. Shuningdek partiya praymeriziga bir necha kun qolganida butun Manxettenni piyoda bosib o‘tib, saylovchilar bilan selfiga tushdi. Biroq tanqidchilari uning va’dalarini ortiqcha idealistik deb hisoblaydi.

The New York Times nashri Nyu York merligi uchun praymerizda hech bir nomzodni qo‘llab-quvvatlamadi. Biroq tahririyat Mamdanining kun tartibini tanqid qilib, uning takliflari “shaharning real muammolariga to‘g‘ri kelmasligi”ni ta’kidladi. Ular ijara narxlarini muzlatish uy-joy taklifini kamaytirishi mumkinligidan xavotirda.
Tajriba, tanqidlar va qarama-qarshiliklar
Sobiq gubernator Endryu Kuomo va boshqa tanqidchilar Zohran Mamdanini yetarlicha tajribaga ega emas deb hisoblaydi. Ular yosh siyosatchi 115 milliard dollarlik byudjet va 300 mingdan ortiq davlat xodimlariga ega yirik shaharni boshqarish uchun “haddan tashqari radikal” deb hisoblashmoqda.

Kuomo, yirik donorlar va sobiq prezident Bill Klinton kabi markaziy oqimdagi siyosatchilarning qo‘llab-quvvatloviga tayanib, merlik uchun tajribaning muhimligini urg‘uladi:
“Tajriba, salohiyat, ishni qanday bajarishni bilish, Tramp bilan, Vashington bilan, shtat qonunchiligi bilan qanday ishlashni tushunish — bular asosiy jihatlar. Men ish ustida o‘rganishga ishonaman, lekin Nyu York meri sifatida emas”, dedi Kuomo.
Ammo siyosiy strateg Trip Yang tajriba har doim hal qiluvchi omil bo‘lavermasligini ta’kidladi. Unga ko‘ra, Mamdanining kampaniyasi “imkonsiz deb hisoblangan narsani amalga oshirgan”.
“Zohranning orqasida o‘n minglab ko‘ngillilar, yuz minglab donorlar turibdi. Bunday ko‘lamdagi ko‘ngilli harakati va ijtimoiy asosga tayanadigan ruhiy yuksalish Nyu Yorkdagi praymeriz kampaniyalarida kamdan-kam uchraydi”, dedi Yang.
Mamdanining tarafdori Lokmani Rai esa siyosatchini shunday ta’rifladi:
“U bizni tushunadi. U bizga tegishli. U bizning jamiyatdan chiqqan — muhojirlar jamiyatidan”.
Isroil va Falastinga nisbatan yondashuv
Madaniyatlar va millatlar rang-barangligini Nyu Yorkni ifodalovchi eng ulkan boylik hisoblanadi. Biroq shahar irqiy va siyosiy tangliklardan xoli emas. Mamdanining o‘zi har kuni islomofob tahdidlarga uchrashi, ba’zilar hatto oila a’zolarini ham nishonga olishi haqida aytgan.
Siyosatchi BBC bilan suhbatda bu kabi tahdidlarni AQSH siyosatidagi muammolarning simptomi sifatida ta‘riflab, Demokratik partiyani tanqid qilgan.
“Bu partiya Donald Trampning qayta saylanishiga yo‘l qo‘ydi. Shuningdek u har qanday kelib chiqishdagi mehnatkashlar manfaatini himoya qilishda sustkashlik qilmoqda”, dedi Mamdani.
Mamdanini qolgan siyosatchilardan ajratib turadigan yana bir jihat uning Falastinni oshkora qo‘llab-quvvatlashi va Isroil manziliga nisbatan keskin tanqidlar yog‘dirishidir. U Nyu Yorkdagi ayrim xayriya tashkilotlarini isroillik ko‘chmanchilarga aloqador tuzilmalar bilan hamkorlik uchun soliq imtiyozlaridan mahrum qilish bo‘yicha qonun loyihasini taqdim etgan. Bundan tashqari, Isroil bosh vazirini hibsga olish chaqiriqlari bilan jamoatchilik e’tiboriga tushgan.
Saylovoldi debatlardan birida undan “Isroilning yahudiy davlati sifatida mavjudlik huquqini tan olasizmi” deya so‘raldi. U esa bunga javoban shunday dedi:
“Men fuqarolikda din yoki boshqa mezonlar asosida iyerarxiya mavjud bo‘lgan har qaysi davlatni qo‘llab-quvvatlashdan o‘zimni tiyishga harakat qilaman. Har bir mamlakatda tenglik, xuddi AQSHdagi kabi konstitutsiya darajasida kafolatlangan bo‘lishi kerak, deb hisoblayman”, degan u.
Mamdani, shu bilan bir vaqtda, Nyu Yorkda antisemitizmga hech qanday o‘rin yo‘qligini aytgan va agar saylansa, nafrat jinoyatlariga qarshi kurash uchun moliyaviy yordamni oshirishini bildirgan. Uning raqibi Kuomo esa o‘zining “Isroilni faol va oshkora qo‘llovchi insonman ekanidan faxrlanishi”ni aytgan.
Nyu Yorkdagi bu praymeriz natijasi nafaqat mahalliy siyosat, balki butun Demokratik partiyaning kelgusi saylovlardagi strategik yo‘nalishini belgilab berishi mumkin. Shu sababli, praymerizdan keyin ushbu holat butun mamlakat bo‘yicha tahlil qilinib, Demokratik partiya Trampga qarshi qanday pozitsiya tutishi kerakligi haqida xulosalar chiqarilishi kutilmoqda.
Izoh (0)