Misr hukumati tomonidan O‘zbekistonga insonparvarlik yordami sifatida ajratilgan gepatit C ga qarshi dori vositasining navbatdagi partiyasi Toshkentga yetkazildi, deb xabar qilmoqda 22-iyun kuni “Dunyo” axborot agentligi.

Bu 2025-yildagi 4-partiya bo‘lib, 32 dona qutidan iborat 7680 dona “Sofosbuvir-400mg” dori vositalarini o‘z ichiga oladi.
O‘zbekistonda gepatit C ni 2030-yilga qadar bartaraf etish bo‘yicha milliy dastur ijrosi doirasida dori vositalari Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti tomonidan shifotalab bemorlarga taqsimlanadi.
O‘zbekiston elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, Misr hukumati tomonidan 2023—2024-yillar davomida ushbu virusga qarshi vazni 12,4 tonna bo'lgan “Daklatasvir” va “Sofosbuvir” dori vositalarining 27 ta partiyasi mamlakatga yetkazib berilgan. Mazkur dori vositalarining umumiy qiymati 1,4 million dollarga teng.
1-iyun kuni Misrdan C gepatiti kasalligiga qarshi dori vositalarining 2025-yildagi ilk partiyasi olib kelingandi. 9-iyunda ikkinchi partiyasi, 15-iyunda uchinchi partiyasi keltirildi. Misr hukumati tomonidan taqdim etilgan ushbu dorilar davlat byudjeti mablag‘larini tejashga yordam beradi.
Izoh (0)