Braziliyada 20-iyun kuni havo sharining qulashi oqibatida sakkiz kishi halok bo‘ldi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Braziliyaning Praia Grande shahridan uchgan shar bortida 21 kishi bo‘lgani aytilgan. 13 kishi, jumladan, uchuvchi omon qolgan, hech kim bedarak yo‘qolmagan, deb xabar berdi shtat hukumati matbuot xizmati. Qo‘shimcha qilinishicha, havo shari sog‘liqni saqlash markazi yaqinida qulagan.
“Omon qolganlardan biri bo‘lgan uchuvchining so‘zlariga ko‘ra, shar ichida yong‘in boshlangan. Shuning uchun u sharni pastga tushira boshlagan. Keyin esa u odamlarga sakrashni buyurgan. Ba’zilar sakrashga ulgurmay qolgan. So‘ng shar muvozanatni yo‘qotib, yerga qulagan”, dedi Praia Grande politsiya bo‘limi xodimi.
Shtat hukumati matbuot xizmati tirik qolgan 13 kishi yaqindagi shifoxonaga yetkazilganini bildirgan.
Izoh (0)