AQSH Ukrainaga xizmatdan chiqarilgan va parvozga yaroqsiz F-16 samolyotlarini yubormoqda. Qiruvchilar Arizona shtatining Davis-Monthan havo bazasidagi “boneyard” (aviatsiya qabristoni)dan olib, ehtiyot qismlar sifatida Ukrainaga jo‘natilyapti.

AQSH harbiy havo kuchlari vakiliga ko‘ra, bu samolyotlar 309-Aeroskosmik texnik xizmat va tiklash guruhiga tegishli bo‘lib, ulardan ajralgan detallar Ukrainaga Yevropa mamlakatlari tomonidan yetkazib berilgan F-16 qiruvchilarini jangovar holatda ushlab turish uchun yordam beradi. Biroq havo bortlari dvigatel va radar kabi qimmatli qismlardan allaqachon mahrum bo‘lgan.
“Bu samolyotlar butunlay faoliyatdan chiqarilgan, ularni jangovar holatga qaytarib bo‘lmaydi,” deydi havo kuchlari vakili.
Bundan biroz oldinroq AQSH davlat departamenti Ukraina bilan 310,5 million dollarlik harbiy savdo bitimini tasdiqlagan edi. Kelishuv ehtiyot qismlari, texnik hujjatlar, dasturiy ta’minot, modernizatsiya uskunalari, uchuvchilar va texnik xodimlar uchun treninglarni o‘z ichiga oladi.
AQSH Davlat departamenti “qudratli Ukraina Yevropada siyosiy barqarorlik va iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlash” uchun muhimligini ta’kidlab, mazkur yordam mamlakat tashqi siyosat maqsadlariga mos tushishini aytdi.
Izoh (0)