Toshkentdagi mehmonxonada rossiyalik Inessa Papernaya va uning hamrohi vafot etgani bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari yakunlanib, ish sudga oshirildi.

Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinovning “Daryo” so‘roviga ko‘ra ma’lum qilishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-moddasi (xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish) va 229-moddasi (o‘zboshimchalik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, 4 kishiga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan.
“Lenta” nashri va “Profil” jurnalida ishlagan 47 yoshli Inessa Papernaya O‘zbekistonga ta’tilga kelgandi. 2024-yilning 20-oktyabrida Toshkentdagi Karaman Palace mehmonxonasi xodimlari Inessa Papernaya va hamrohining jasadlarini o‘z xonasida hayot belgilarisiz topgandi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, o‘lim basseyn tozalangandan so‘ng mehmonxona ventilyatsiya tizimiga tushgan gazdan zaharlanishdan kelib chiqqan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, o‘lim sababini aniqlash uchun sud-tibbiy ekspertiza tayinlandi. Sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, ularning o‘limiga is gazi va vodorod sulfididan zaharlanish sabab bo‘lgan. Texnik ekspertiza o‘tkazilganda mehmonxonadagi isitish qozonlari eskirgani va xizmat muddati tugagani aniqlangan.
23-oktyabr kuni mehmonxonada o‘lik holda topilgan rossiyaliklar jasadi yurtiga yuborildi.
Izoh (0)