Gruziya hukumati Gruziya pravoslav cherkovi rahbariyatiga mamlakatda pravoslavlikni davlat dini deb e’lon qilish taklifi bilan murojaat qildi. Bu haqda Patriarxatning jamoatchilik bilan aloqalar xizmati rahbari diakon Andria Jagmaidze xabar berdi.
“Hozirgi bosqichda patriarxat hukumatning ushbu taklifini qanday shakllantirish mumkinligi masalasini muhokama qilmoqda”, dedi Jagmaidze.
Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi paytlarda hukumat milliy qadriyat va an’analarni asrab-avaylash, tinchlikparvarlik siyosatiga amal qilmoqda, cherkov uchun ham ko‘p ishlarni amalga oshirmoqda. Jagmaidzening qo‘shimcha qilishicha, pravoslavlikni davlat dini deb e’lon qilish masalasi qat’iy ko‘tarilmagan, shu sababli bu muhokama qilinishi lozim.
Mamlakat arxiyepiskopi Dmanisi Zenon pravoslavlikni davlat dini deb e’lon qilishni xato deb hisoblagan.
“Bunday qadam cherkovning hukumatga institutsional bo‘ysunishini anglatadi va bu noto‘g‘ri. Cherkovning davlatdan mustaqilligi hukumatning o‘zi tomonidan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan inqirozlar paytida zarurdir, shuning uchun pravoslavlikni davlat dini deb e’lon qilish xato” deydi u.
Izoh (0)