Tojikiston klublarida to‘p surgan o‘zbekistonlik futbolchi Sayriddin G‘afforov 34 yoshida vafot etdi. Bu haqda “Dinamo” matbuot xizmati xabar berdi.
U futbolchilik faoliyati davomida jarohat olib, davolab bo‘lmaydigan kasallikka yo‘liqqan. Sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘yib bo‘lsa-da, futbolchi Tojikiston va O‘zbekistonning turli klublarida o‘ynashda davom etadi. Sayriddin Tojikistonda ikki marta jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan. Uchinchi amaliyot Toshkentda o‘tkazilgan.
Kasallik avj olib, asta-sekin futbolchining yelkasi va oyoqlarida og‘riqlar paydo bo‘la boshlaydi, qo‘llari esa zaiflashadi. Keyinchalik G‘afforov butunlay falaj bo‘lib, nutqiy qobiliyatini yo‘qotadi.
Shifokorlar Sayriddinda lateral amiotrofik skleroz (ALS) borligini aniqladi.
Sayriddin G‘afforov 1990-yil 29-avgustda O‘zbekistonning Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida tug‘ilgan. Futbolchilik faoliyatini “Sho‘rchi” jamoasida boshlagan, so‘ngra bir qator klublar – “Sho‘rtan”, Samarqandning “Dinamo”, “Andijon”, “Surxon” klublarida to‘p surgan. Bundan tashqari G‘afforov Tojikistonning “Regar-TadAZ”, “Ravshan” (Ko‘lob), “Hosilot”, “Xo‘jand” kabi jamoalarida to‘p surgan. Futbolchi uch farzandning otasi edi.
Futbolchi 25-avgust kuni vafot etgan.
Avvalroq o‘zbek hamda tojik klublari futbolchiga yordam berish uchun turli xayriya aksiyalari o‘tkazgandi.
Amiotrofik lateral skleroz (ALS) kam uchraydigan, davolab bo‘lmaydigan kasallik hisoblanadi. Bunda bemorlarda yuqori va pastki neyronlarning shikastlanishi kuzatiladi, bu esa falajga va keyinchalik mushaklar atrofiyasiga olib keladi. Kasallik odatda 30 yoshdan 50 yoshgacha rivojlanadi va ko‘pincha erkaklar, xususan, futbolchilarda uchraydi.
Izoh (0)