Qatar vositachiligida avgust oyida Dohada rejalashtirilgan Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi bilvosita muzokaralar Kursk viloyatiga hujum tufayli noma’lum muddatga qoldirildi. Bu haqda muzokaralarga yaqin rasmiylarga tayanib, The Washington Post xabar berdi.
Muzokaralarda tomonlar energetika infratuzilmasiga o‘zaro hujumlarni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuvni muhokama qilishi kerak edi. Bu kelishuv qisman o‘t ochishni to‘xtatishga teng bo‘lib, kelajakdagi otashkesimga undashi kutilgandi.
Biroq, vaziyatdan xabardor anonim diplomatlarga ko‘ra, Ukraina Qurolli kuchlari Rossiyaning Kursk viloyatiga hujum qilganidan so‘ng, Rossiya delegatsiyasi uchrashuvni keyinga qoldirdi va Kiyevning harakatlarini “eskalatsiya” deb baholadi.
“Rossiya boshida muzokaralarni bekor qilmadi, ular bizga vaqt bering, deyishdi. Kurskdan keyin esa rad etishdi”, deydi manba.
Ukraina tomoni har qanday holatda o‘z delegatsiyasini Dohaga yuborishga tayyorligini bildirgan, biroq Qatar bir tomonlama uchrashuv o‘tkazishdan bosh tortdi.
The Washington Post so‘roviga javoban Ukraina prezidenti ofisi Dohadagi sammit “Yaqin Sharqdagi vaziyat tufayli” qoldirilganini, biroq 22-avgust kuni videoanjuman shaklida o‘tkazilishini ma’lum qildi.
Izoh (0)