Livanning “Hizbulloh” shia harakati qo‘mondoni va yana bir kishi Livan janubida Isroil dronining avtomobilga bergan zarbasi natijasida halok bo‘ldi. Bu haqda harbiy manbaga tayanib, “RIA Novosti” xabar berdi.
Isroil dronlari Livan janubidagi Tir shahridan janubi-sharqda joylashgan Al-Xosh hududida boshqariladigan raketalar bilan mashinaga hujum qilishi natijasida avtoulov butunlay yonib ketdi. Qo‘mondon Abu Naama halok bo‘ldi, — deydi manba.
Qayd etilishicha, “Hizbulloh” qo‘mondonidan tashqari Muhammad G‘assan Xashshab ismli shaxs ham o‘ldirilgan. Manbaga ko‘ra, harakatning marhum qo‘mondoni “Hizbulloh”dagi “Aziz” bo‘linmasini boshqargan.
Isroil armiyasi 18-iyun kuni Livanga hujum qilish uchun jangovar rejalarni ma’qullaganini e’lon qilgan edi. Shundan so‘ng, mamlakat TIV rahbari Isroil Katz “Hizbulloh”ni yo‘q qilish va keng ko‘lamli urush bo‘lsa, Livanga jiddiy zarar yetkazish bilan tahdid qilgan. “Hizbulloh” bosh kotibi Hasan Nasrulloh 19-iyun kuni qarama-qarshilik yanada kuchaysa, guruh Isroil shimoliga bostirib kirishi mumkinligini aytgan.
Isroil-Livan chegarasidagi vaziyat G‘azoda Isroil harbiy amaliyotlari boshlanganidan keyin keskinlashgan. Isroil armiyasi va Livan “Hizbulloh”i jangarilari chegaradagi hududlarda har kuni bir-birlarining pozitsiyalariga o‘q uzmoqda. Livan TIV ma’lumotlariga ko‘ra, Isroilning o‘qqa tutishi tufayli Livan janubida 100 mingga yaqin odam uyini tark etishga majbur bo‘lgan. Isroil tomoni xuddi shunday vaziyatga tushib qolgan 80 mingga yaqin shimoliy Isroil aholisi haqida xabar bergan.
Izoh (0)