Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni “Hizbulloh” bilan keskinlikning oldini olishga chaqirdi. Bu haqda Isroildagi manbalarga tayanib, Al Arabiya nashri xabar berdi.
Manbada aytilishicha, 2-iyul kuni Netanyaxu va Makron o‘rtasida telefon muloqoti bo‘lib o‘tgan. Muloqotda tomonlar ikki mamlakat harbiy mudofaa salohiyati va tashqi xavflarga qarshi turish tadbirlari to‘g‘risida mulohaza yuritgan.
Suhbatda Makron “Hizbulloh” va Isroil o‘rtasidagi ziddiyatning chuqurlashishidan jiddiy xavotir bildirgan. Bayrut va Tel-Avivning manfaatlariga jiddiy zarar yetkazadigan navbatdagi keskinlikni har qanday yo‘l bilan oldini olish shartligi taʼkidlangan.
Fransiya prezidenti mojaroga barham berish uchun barcha tomonlar diplomatik yechim yo‘lida tez harakat qilishlari zarurligini bildirgan. Geosiyosiy vaziyat keskinlashgan bir paytda Isroilga ikkinchi front ochmaslik tavsiya qilingan.
“Ikki davlat rahbari bu borada olib borilayotgan diplomatik saʼy-harakatlarni muhokama qildilar”, — deyiladi Yelisey saroyi 3-iyul kuni eʼlon qilgan hisobotda.
Makron, shuningdek, Netanyaxuni G‘azoda, Rafah yoki Xon Yunus yaqinida har qanday yangi operatsiya boshlash rejasidan voz kechishga chaqirgan. Yangi operatsiyalar Tel-Aviv uchun vaziyatni og‘irlashtirishi bildirilgan.
Izoh (0)