Namangan, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlarida noqonuniy valyuta ayirboshlash bilan shug‘ullanib kelgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi departament xabar berdi.
Qayd etilishicha, departamentning Namangan viloyat boshqarmasi va IIB xodimlari hamkorligida Yangi Namangan tumanida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda valyuta ayirboshlash bilan shug‘ullanib kelgan Sh.K. fuqaro X.M.ga 4 ming dollarni 50,6 million so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kabi departamentning Xonqa tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro R.M. fuqaro Z.A.ga 4 ming dollarni 50,5 million so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Departamentning Chiroqchi tuman bo‘limi bilan tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda valyuta ayirboshlash bilan shug‘ullanib kelgan B.B. fuqaro O.V.ga 3,1 ming dollarni 39,1 million so‘mga sotgan vaqtida ushlanib, uning yonidan 1,1 ming dollar va 5,5 million so‘m ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 177-moddasi (valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
- Avvalroq Andijon va Qashqadaryo viloyatlarida valyuta qimmatliklarini noqonuniy muomalaga kiritilishiga chek qo‘yilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
- Shuningdek, Buxoro va Xorazm viloyatlarida valyuta qimmatliklarini noqonuniy muomalaga kiritilishining oldi olingan edi.
Izoh (0)