Buxoro viloyatining Kogon shahrida o‘z tanishini pichoqlab o‘ldirgan shaxs 13 yilga qamaldi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Kogon shahrining “Zirabod” mahallasida yashovchi muqaddam sudlangan fuqaro shaxsiy ishlari yurishmayotgani, turmush o‘rtog‘i bilan munosabatlari buzilishiga tanishini aybdor deb hisoblab, undan qasd olishni rejalashtiradi.
2024-yilning 26-yanvaridan 27-yanvariga o‘tar kechasi soat 2:30 larda yashash uyidan oshxona pichog‘ini olib, tanishining xonadoniga boradi. Devordan oshib, hovli ichkarisiga kirgan shaxs tanishining yotoqxonasiga kiradi va uning yuz sohasiga uradi. So‘ng pichoq bilan ko‘krak qafasiga uradi. Marhumning qarshiliklariga qaramay, tanasining bir necha joylariga pichoq urib, uni o‘ldiradi.
Sud davomida ayblanuvchi avvaldan o‘ziga tanish bo‘lgan marhuma bilan so‘nggi yillarda oralari buzilib, bir necha marta kelishmovchilik yuzaga kelganligi, uning hatto ayoli bilan munosabatlari buzilishiga sabab bo‘lgani, shu tufayli tanishini o‘ldirish rejasini tuzganini tan oldi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qorovulbozor tuman sudida ayblanuvchi Jinoyat kodeksining 97-moddasida (qasddan odam o‘ldirish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan deb topilib, 13 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.
Izoh (0)