Saudiya Arabistoni qiroli Salmon ibn Abdulaziz al-Saud 28-may kuni G‘azoda Isroil amaliyotlari oqibatida halok bo‘lganlarning ming nafar oila aʼzolarini haj ziyoratiga qabul qilish to‘g‘risida farmon chiqargan. Bu haqda Arab News nashri xabar berdi.
Manbada aytilishicha, qirollik maxsus farmon bilan 2322 kishiga haj ziyorati uchun kvota ajratgan. Shundan mingta o‘rin Isroil tomonidan o‘ldirilgan yoki yarador qilingan, Isroil qamoqxonalarida saqlanayotgan falastinliklar oila aʼzolari uchun ajratilgan.
Saudiya Arabistoni qiroli ,shuningdek, 88 davlatdan yana 1300 kishi uchun o‘rin ajratgan. Yana 22 nafar o‘rin Siam egizaklari tug‘ilgan xonadonlardagi tarbiyachilarga ajratilgan.
Ushbu qaror Islom ishlari, daʼvat va shariat vazirligi tomonidan nazorat qilinadigan “Ikki muqaddas masjidning haj va umra uchun mehmonlari” dasturining bir qismi ekanligi bildirilgan. Ushbu dastur doirasida 26 yildan ko‘proq muddatda 60 000 nafar ziyoratchi Saudiya Arabistoniga qabul qilingan.
Islom ishlari, daʼvat va shariat vaziri Abdullatif ibn Abdulaziz al-Shayxning aytishicha, bu buyruq Saudiya Arabistoni rahbariyatining butun dunyo musulmonlariga doimiy g‘amxo‘rligi hamda musulmonlar o‘rtasida birlik va birodarlikni mustahkamlashga qaratilgan saʼy-harakatlarini aks ettiradi.
Izoh (0)