Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan maktabga o‘yinchoq pichoq olib kelgan o‘quvchi videosi yuzasidan ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, voqea 6-may kunida sodir bo‘lgan. 187-maktabning 11-“J” sinf o‘quvchisi I.J. maktabga o‘rtoqlariga maqtanish maqsadida pichoq ko‘rinishidagi o‘tmas jism (o‘yinchoq) olib kelgan va tanaffus vaqtida atrofidagilarga ko‘rsatgan.
Ushbu holat bo‘yicha o‘quvchining ota-onasi maktab maʼmuriyati tomonidan chaqirtirilgan, mahalla inspektori ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilgan. O‘quvchining qilgan xatti-harakati yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilgan va Milliy gvardiya xodimlari tomonidan ota-onaga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasiga (bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) asosan jarima jazosi tayinlangan.
Bundan oldin Toshkentda o‘zini “omadsiz” deb atab, ko‘prik ustidan sakramoqchi bo‘lgan yigit jarimaga tortilgani, Andijonda maktab direktori o‘rinbosari o‘quvchi qizlarga tegajog‘lik qilayotgani aytilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)