Rossiya prezidenti Vladimir Putin Xavfsizlik kengashi kotibi lavozimidan olingan Nikolay Patrushevni o‘zining yordamchisi etib tayinladi. Bu haqda Kreml saytida xabar berildi.
Patrushev 2008-yildan buyon Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi sifatida faoliyat yuritib kelgan. U 11-may kuni lavozimidan olingan. Uning o‘rniga Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu bu lavozimni egallagan. O‘z navbatida, Rossiyaning yangi mudofaa vaziri etib avval bosh vazirning birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Andrey Belousov tayinlanishi kutilmoqda.
Ta’kidlanishicha, Rossiya prezidenti Tula viloyati gubernatori Aleksey Dyuminni ham lavozimidan olib, o‘zining yordamchisi etib tayinlagan.
7-may kuni Putin inauguratsiyasi bo‘lib o‘tdi. Bu uning beshinchi prezidentlik muddati. Qonunga muvofiq, inauguratsiya kuni Mixail Mishustin boshchiligidagi hukumat iste’foga chiqdi. Rossiya prezidenti Davlat dumasiga bosh vazir lavozimiga yana Mixail Mishustin nomzodini taqdim etdi. Mishustin Putin taklifi bilan 2020-yil yanvarida avvalgi bosh vazir Dmitriy Medvedevning iste’foga chiqishi sababli bosh vazir etib tayinlangandi.
Izoh (0)