Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi matbuot kotibi Liu Pengyu Xitoy AQSHning bir tomonlama noqonuniy sanksiyalariga qat’iy qarshiligini aytdi. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.
AQSH Moliya vazirligi bayonotiga ko‘ra, sanksiyaga kiritilgan Xitoy korxonalari Rossiyaga qurol ishlab chiqarish yoki harbiy dasturlarni amalga oshirish uchun asosiy komponentlarni olishda yordam bergan.
Xitoy hukumati qonunlar va meʼyorlarga muvofiq ikki maqsadli tovarlar eksportini nazorat qiladi, Xitoy va Rossiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik esa Jahon savdo tashkiloti qoidalari va bozor tamoyillariga mos keladi, — deydi Xitoy rasmiysi.
Vashington tomonidan Ukrainadagi urush sababli Rossiyaga qarshi joriy qilingan yangi sanksiyalar paketiga Xitoyda ro‘yxatdan o‘tgan 20 ta kompaniya, shuningdek, BAA, Turkiya, Ozarbayjon, Belgiya, Slovakiyadagi kompaniyalar kiradi. 200 dan ortiq Rossiya kompaniyalari sanksiyalar ro‘yxatida. Cheklov choralari vizani taqiqlash, moliyaviy aktivlarni muzlatish va sanksiyalangan kompaniyalar bilan biznes yuritishni taqiqlashni ko‘zda tutadi.
AQSH Xitoy kompaniyalari Rossiyaga dronlar yaratish uchun ehtiyot qismlari, porox va raketa ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan portlovchi moddalarni yaratish uchun tovarlar eksport qilganiga aniqlik kiritgan. AQSH moliya vaziriga ko‘ra, yangi cheklovlar Rossiyaning harbiy harakatlarini yanada zaiflashtiradi.
Avvalroq Vashington Pekinni G‘arb sanksiyalarini chetlab o‘tishda Rossiya mudofaa sanoatini qo‘llab-quvvatlashga yo‘l qo‘ymaslik haqida bir necha bor ogohlantirgan.
Xitoy bu masalada betaraf ekanini aytib, Moskva bilan savdo hamkorligini qonuniy deb atagan. Pekin hech qanday uchinchi tomon bu hamkorlikni buzolmasligini ta’kidlagan.
Izoh (0)