Fransiya hukumati 12-aprel kuni o‘z fuqarolarini Eron, Livan, Isroil va bosib olingan Falastin hududlariga sayohat qilishdan “mutlaq tiyilish”ga chaqirdi. Bu haqda CNN nashri xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, Yaqin Sharqda siyosiy taranglik kuchayishi Parijdagi hukumatning o‘z fuqarolari xavfsizligi borasidagi xavotirlarini kuchaytirgan. Fransiya Eron va Isroil to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qnashish arafasida ekanligini maʼlum qilgan.
Fransiya davlat idoralari Yaqin Sharqda bo‘lib turgan Fransiya fuqarolariga bir qancha tavsiyalar yuborgan. Sayohatni to‘xtatib turish va hududni tark etish tavsiya qilingan.
Eron poytaxti Tehrondagi diplomatik xodimlar oilalari Fransiyaga qaytishni rejalashtirayotgani maʼlum qilingan. Davlat xizmatchilari uchun ham hozircha yuqorida aytilgan mamlakatlar va hududlarda ish faoliyati olib borish to‘xtatilgan.
Yaqin Sharqdagi manbalar vaziyat qaltislashayotganidan xabar bergan. G‘arb tashkilotlari Eron hujumi 24 soat ichida sodir bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirgan.
O‘tgan haftada Isroilning Suriyadagi Eron elchixonasiga hujumi natijasida Eron oliy harbiy qo‘mondonlaridan biri halok bo‘lganidan so‘ng Tehron yoki uning ishonchli vakillari tomonidan potensial o‘ch olish uchun tayyorgarlik kuchaygan. AQSH rasmiylari ikki kundan beri Isroil bilan bog‘lanib, hujum haqida ogohlantirib kelayotgani aytiladi. Ammo Eron qachon va qanday tarzda, qaysi obyektlarga zarba berishni rejalashtirgani aniq emas.
Izoh (0)