3-aprel, chorshanba kuni O‘zbekiston Pro Ligasi 4-turidan o‘rin olgan “Mash’al” va “Sho‘rtan” o‘rtasidagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda mezbonlar 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Uchrashuvning 86-daqiqasida Maykl Babatunde raqib darvozasini ishg‘ol qildi.
“Mash’al” jamoasi golni nishonlayotganda “Sho‘rtan” darvozaboni Sherzod Abduraimov mezbonlar o‘yinchisi 9-raqamli Ibrohim G‘anixonovga avval qo‘l bilan zarba berdi. Ikki futbolchi o‘rtasida tortishuv boshlandi va Sherzod Abduraimov futbolchining yuziga “kalla qo‘ydi”. G‘anixonov zarbadan keyin yerga quladi va shifokorlar yordami bilan maydonga qaytdi.
E’tiborli jihati aynan shu futbolchi “Neftchi” — “Turon” uchrashuvidagi janjalda asosiy ishtirokchilardan biri bo‘lgandi. U o‘shanda hakamga hujum qilib, 1 yil muddatga futboldan chetlatilib, 15 million so‘m jarimaga tortilgan edi.
PFL matbuot xizmati xabar berishicha, “Sho‘rtan” darvozabonining litsenziyasi qaytarib olinib, uning ishi O‘FA qo‘mitasiga yuborilgan.