Toshkent va Navoiy viloyatlarida yer maydonlari savdosi bilan bog‘liq firibgarlik holatlari fosh etildi, deb xabar beradi Bosh prokuratura huzuridagi departament.
Qayd etilishicha, departament hamda DXXning Navoiy viloyati boshqarmalari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda Sh.B. ismli shaxs (muqaddam sudlangan) fuqaro D.S.ga Karmana tumani “Xazora” MFY hududidagi “Yo.A.” MCHJning 2,5 gektar yer maydonini issiqxona qurish uchun go‘yoki yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari yordamida uning nomiga rasmiylashtirib olib berishi evaziga 27,8 ming dollar va 165 million so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Departamentning Angren shahar bo‘limi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, S.M. ismli shaxs fuqaro M.M.ga tanishlari yordamida “8-Mart” MFY hududidagi bog‘dorchilik-uzumchilik shirkatiga qarashli 50 sotix yer maydonini uning nomiga rasmiylashtirib olib berish evaziga 10 ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
- Avvalroq Sirdaryoda besh gektar yer maydonini 40 ming AQSH dollariga sotishga uringan opa-uka qo‘lga olingan edi.
- Aprel boshlarida esa Navoiyda 80 gektar yerni 1 milliard so‘mga sotishga uringan shaxslar ushlangani,
- Samarqand va Farg‘onada noqonuniy yer sotish holatlariga chek qo‘yilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.