Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Toshkent shahri, Andijon va Qashqadaryo viloyatlarida korrupsiya hamda firibgarlik holatlariga chek qo‘yildi.
Qayd etilishicha, Andijon shahrida farmatsevtika faoliyati bilan shug‘ullanuvchi MCHJning moliyaviy holati bo‘yicha tekshiruvlar o‘tkazilgan. Tekshiruvlar jarayonida, MCHJga qarashli dorixonalar tomonidan dori vositalarini belgilangan referent narxlardan qimmat narxlarda sotish orqali isteʼmolchilardan 2,1 milliard so‘m ortiqcha pul olingani holati aniqlangan. Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Andijon viloyati hududiy boshqarmasida bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlovchi shaxs esa tuzilgan dalolatnomani bekor qilib berish evaziga 30 ming dollar talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi departament bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda mazkur mansabdor shaxs 22,5 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.Tergovga qadar tekshiruv davomida, u muqaddam 7,5 ming dollar olgani ham maʼlum bo‘lgan. Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda “O‘zbekiston shaharsozlik bo‘yicha loyihalash ilmiy-tadqiqot instituti” davlat muassasasining arxitektori andijonlik tadbirkordan 20 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Aniqlanishicha, arxitektor “Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi” DUKning Andijon viloyati filiali direktori lavozimida ishlovchi o‘zining otasi bilan til biriktirib, tadbirkorga Andijon shahridagi ikkita manzilda ko‘p qavatli turar joy binolarini qurishga oid meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni tegishli tashkilotlardagi tanishlari orqali rasmiylashtirib berishni vaʼda qilgan.
Hozirda arxitektor va uning otasiga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28,211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Davlat xavfsizlik xizmatining Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan departament bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda viloyat tumanlaridan biridagi “Barkamol avlod” bolalar maktabi direktori o‘zining yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali, Qarshi tumanidagi maktab direktorining o‘rinbosarini Yakkabog‘ tuman Maktabgacha va maktab taʼlimi bo‘limi boshlig‘i lavozimiga tayinlanishida yordam berish evaziga 55 ming dollar talab qilib, oldindan 30 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28,211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.