Birlashgan Millatlar Tashkilotining Falastin hududlaridagi inson huquqlari bo‘yicha maxsus ma‘ruzachisi Francheska Albaneze hisobot taqdim etdi.
Hisobotda u Isroilning G‘azo sektoridagi harakatlarini genotsid deb atadi. BMT materialida aytilishicha, Isroil vakillari hisobot muhokamasida ishtirok etmagan. Shu bilan birga, uchrashuvdan so‘ng, ular Francheska Albaneze materialini butunlay rad etgan press-relizni e’lon qilishdi.
Francheska Albanezening fikricha, BMT rezolyutsiyasi qabul qilingandan keyin reallikni inkor etish va Isroil rasmiylarini jazolamaslik noto‘g‘ri yo‘l bo‘ladi.
Isroil uchta genotsid harakatini amalga oshirdi: jiddiy jismoniy yoki ruhiy zarar yetkazish, qasddan to‘liq yoki qisman jismoniy halokatga olib keladigan hayot sharoitlarini yaratish va tug‘ilish darajasini pasaytirishga qaratilgan harakatlarni amalga oshirish, — dedi Albaneze Inson huquqlari kengashiga.
Maxsus ma’ruzachining qo‘shimcha qilishicha, falastinliklarga nisbatan zulm jarayoni 76 yildan ortiq davom etgan. U Isroilga qarshi sanksiyalar va qurol embargosini joriy etishga chaqirdi.
25-mart kuni BMT Xavfsizlik kengashi G‘azo sektorida ramazon oyi uchun harbiy harakatlarni to‘xtatishni talab qiluvchi rezolyutsiyani qabul qildi, bu esa barqaror sulhga olib kelishi mumkin edi. Shuningdek, rezolyutsiyada barcha garovga olinganlarni ozod qilish va insonparvarlik yordami hajmini oshirish zarurligi haqida so‘z boradi.
Izoh (0)