O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchisi Ulug‘bek Maqsudov diplomatik missiyasini yakunladi. Bu haqda “Dunyo” agentligi xabar berdi.
Ulug‘bek Maqsudov mazkur lavozimda 2018-yilning may oyidan beri ishlab kelayotgandi. Podshohlik rasmiylari bilan bo‘lib o‘tgan xayrlashuv uchrashuvida, so‘nggi yillarda O‘zbekiston—Saudiya munosabatlari sezilarli darajada faollashgani qayd etilgan.
Ayni paytda Saudiya Arabistonining O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan jami sarmoyasi 30 milliard dollardan ortiqni tashkil etadi. 2—3-may kunlari bo‘lib o‘tadigan 3-Toshkent xalqaro investitsiya forumida esa Saudiya Arabistoni biznesining faol ishtiroki kutilmoqda.
Ta’kidlash kerakki, Ulug‘bek Maqsudov bosh qarorgohi Jidda shahrida joylashgan Islom hamkorlik tashkilotidagi O‘zbekistonning doimiy vakili ham edi.
Avvalroq O‘zbekiston elchisi Fariddin Nasriyev Eron prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirgani, Jazoirning O‘zbekistondagi yangi elchisi tayinlangani, O‘zbekistonning Dubaydagi bosh konsuli missiyasini yakunlagani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)