Tojikistonda 2023—2024-yilgi qish oylarida sovuq tufayli 15 kishi vafot etdi. Bu haqda AsiaPlus xabar berdi.
Oxirgi voqea 5-martga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan, isinishga urinib pechka yoqqan uch oila a’zosi is gazidan vafot etgan. Dushanbeda esa 2-mart kuni xuddi shunday sharoitda 4, 3 va bir yashar bolalar o‘limi qayd etilgan.
Voqea joyini dastlabki ko‘zdan kechirish natijasida yong‘inga radiator (isitgich) sabab bo‘lgani aniqlangan. Bundan bir necha kun avval, 27-fevraldan 28-fevralga o‘tar kechasi Dushanbe shahrining Firdavsiy tumanida bir oilaning olti nafar a’zosi is gazidan vafot etgan.
2023-yilda 7-dekabrdan 8-dekabrga o‘tar kechasi Dushanbe shahrining Ismoili Somoniy tumanida yana bir oila xuddi shunday fojiani boshidan kechirgan, jumladan, 42 yoshli ayol va uning ikki qizi o‘z uyida is gazidan zaharlangan holda topilgan.
Bunday fojialar ayniqda elektr ta’minoti tartibsiz yoki beqaror bo‘lgan sharoitlarda asosan isitish moslamalaridan noto‘g‘ri foydalanish tufayli sodir bo‘lmoqda, — deydi Favqulodda vaziyatlar va fuqaro mudofaasi qo‘mitasi matbuot markazi rahbari Umeda Yusufiy.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu hodisalar isitish moslamalari va pechkalardan xavfsiz, to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha aholining xabardorligini oshirish zarurligini ko‘rsatadi.
Izoh (0)