Timur Rahmonov O‘zbekistonning Latviyadagi elchisi etib tayinlandi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, yangi tayinlangan elchi 2021—2024-yillarda O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi bosh konsuli lavozimida ishlagan. Uning konsullik okrugiga Rossiyaning Sibir federal okrugi kirgan.
46 yoshli Timur Rahmonov Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini tamomlagan. TIV tizimidagi faoliyatini 1999-yilda boshlagan. O‘tgan yillar davomida u vazirlik markaziy apparatida, shuningdek, O‘zbekistonning Polsha, Italiya va Ispaniyadagi elchixonalarida turli lavozimlarda ishlagan.
2017–2018-yillarda esa Tashqi ishlar vazirligining Urganch shahri hududiy boshqarmasi boshlig‘i, Xorazm viloyati hokimining investitsiyalar, innovatsiyalar, xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari sifatida faoliyat olib borgan.
Timur Rahmonov O‘zbekistonning Latviyadagi diplomatik missiyasi rahbari (2019–2024) hamda O‘zbekistonning Litva (2021–2024), Estoniya (2020–2024) va Finlyandiyadagi (2020–2024) o‘rindoshlik asosidagi elchisi sifatida ishlagan Qadamboy Sultonov o‘rniga tayinlandi.
Izoh (0)