9-mart kuni Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili birinchi o‘rinbosari Dmitriy Polyanskiy Rossiya Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyga suiqasd uyushtirish niyatida emasligini maʼlum qildi. Bu haqda “TASS” nashri xabar bermoqda.
“Sizningcha, agar biz Zelenskiy kortejiga hujum uyushtirmoqchi bo‘lsak, buni uddalay olmaymiz, deb o‘ylaysizmi? Bu oddiy savolga javob berishga harakat qilib ko‘ring, vijdonan javob berishga harakat qiling”, — degan Rossiya vakili BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida.
Dmitriy Polyanskiy Rossiya tomonidan Odessa hududidagi Ukraina harbiy obyektlari bombardimon qilinishi masalasiga diqqat qaratgan. Unga ko‘ra, Odessada Ukraina harbiy salohiyatini kamaytirish mamlakat prezidenti Zelenskiyni o‘ldirishdan ko‘ra dolzarbroq bo‘lgan. Chunki frontda qarshilikni Zelenskiy emas, balki Odessada jamlanayotgan G‘arb harbiy texnikasi taʼminlamoqda.
“Agar sizlardan baʼzilaringiz Rossiya Kiyev rejimi rahbaridan qutulishni maqsad qilmoqda, deb o‘ylasangiz, men hafsalangizni pir qilishga majburman: bizda bunday reja yo‘q”, — degan rossiyalik diplomat.
Izoh (0)