Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik kengashi 8-mart kuni Sudanda musulmonlar uchun muqaddas ramazon oyi kelishi munosabati bilan harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatishni talab qiluvchi rezolyutsiya loyihasini qabul qildi. Bu haqda Anadolu nashri xabar berdi.
Buyuk Britaniya tomonidan taqdim etilgan rezolyutsiya BMT Xavfsizlik kengashi sessiyasida ovozga qo‘yilgan. Rezolyutsiyaga 15 aʼzodan iborat kengashning 14 vakili ovoz bergan.
Rezolyutsiya Sudanda ramazon oyi davomida jangovar harakatlarni zudlik bilan to‘xtatishni talab qiladi. Muloqot yo‘li bilan yechim topishga qaratilgan saʼy-harakatlarni rag‘batlantiradi.
Hozirda Sudan hukmron Suveren kengash rahbari general Abdul Fattoh al-Burxon boshchiligidagi armiya va harbiylashtirilgan tezkor qo‘llab-quvvatlash kuchlari o‘rtasidagi janglar girdobida qolib ketgan. Aprel oyida boshlangan mojaroda kamida 12 260 nafar kishi halok bo‘lgan va 33 mingdan ortiq kishi jarohatlangan.
Mamlakat ayni damda gumanitar halokat yoqasida. 6 millionga yaqin mahalliy aholi vakillari o‘z turar joylarini tark etgan. Xalqaro hamjamiyatning qatʼiy talablari ham bu urushni to‘xtatishda amaliy ahamiyat kasb eta olmadi.
Izoh (0)