Germaniya Hindiston bilan Ukraina uchun vositachilar orqali bir necha yuz snaryad sotib olishni muhokama qilmoqda. Bu haqda Spiegel manbalarga tayanib yozdi.
Muzokaralar parda ortida kechmoqda, chunki Nyu-Dehli Moskva bilan munosabatlarni buzmoqchi emas. Spiegel’ga ko‘ra, arab davlatlari bilan ham shunday bitimlar tuzilishi mumkin. Mutaxassislarning fikricha, Bolqon va bir qator Afrika mamlakatlarida ham zarur o‘q-dorilarni ishlab chiqarish imkoniyati mavjud.
Nemis razvedka xizmatlari Ukrainaning snaryadlar zaxirasi iyun oyigacha tugashi mumkinligidan xavotirda. 24-fevral kuni Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba Ukrainada o‘q-dorilarning katta taqchilligi kuzatilayotganini aytgan.
Myunxen xavfsizlik konferensiyasida Chexiya prezidenti Pyotr Pavel Praga Ukraina uchun Yevropa Ittifoqiga kirmagan mamlakatlardan 800 mingga yaqin artilleriya o‘q-dorilarini, xususan, 155 mm va 122 mm kalibrli snaryadlar manbalarini topganini aytgan. Yevropa Ittifoqi hozirda o‘q-dorilar sotib olish uchun zudlik bilan 1,5 milliard dollar zarurligini ma’lum qilgan edi.
Izoh (0)