Toshkent viloyatining Angren shahridagi oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga mo‘ljallanayotgan uylarning birida 1 yosh 8 oylik bola kuyib qoldi. Bu haqda shahar hokimligi matbuot xizmati xabar qildi.
Angren shahar Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i Sarvar Nuriddinovning ma’lum qilishicha, holat 10-fevral shanba kuni soat 14:00 larda sodir bo‘lgan. Bolaning onasi yaqin tanishi bo‘lgan, xonadon a’zosi, M.D.ga ishga chiqishini ma’lum qilib, o‘zining roziligi bilan 1 yosh 8 oylik bo‘lgan farzandini qarab turishini iltimos qilgan. Ular o‘zaro kelishgandan so‘ng bolani M.D.ning uyiga olib kelib topshirgan. Ayol bolaga qaragan. Uning aytishicha, kuyish ehtiyotsizlik oqibatida ro‘y bergan va bu to‘g‘risida bolaning oilasiga xabar berilgan.
Shahar tibbiyot birlashmasi bosh shifokorining bildirishicha, umumiy tananing 8 foizi kuygan. Olib borilayotgan muolajalar natijasida bolaning umumiy ahvoli yaxshilangan. Hozirda bola shifokorlar nazorati ostida davolanishda davom etmoqda.
Shahar hokimi bemor bola va uning onasidan xabar olib, bolaning sog‘lig‘i doimiy nazoratda bo‘lishi, kerakli muolajalari sifatli amalga oshirish va mavjud imkoniyatlardan foydalanish bo‘yicha tibbiyot birlashmasi bosh shifokoriga topshiriqlar bergan.
Angren shahar IIB ma’muriyatining bergan ma’lumotiga ko‘ra, bolaning kuyish holati yuzasidan hozirda shahar IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)