Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy marixuanani qonuniylashtirish haqidagi hujjatni imzoladi. Bu haqda Ukraina parlamenti saytida ma’lumot paydo bo‘lgan.
“Onkologik va urush natijasida yuzaga kelgan posttravmatik stress kasalliklarini davolash vositalarini keng qo‘llash uchun shart-sharoit yaratish maqsadida kanop o‘simliklaridan tibbiyot, ishlab chiqarish, ilmiy-tadqiqot maqsadlarida foydalanishni tartibga solish to‘g‘risidagi qonun loyihasi prezident tomonidan imzolandi”, — deyiladi hujjatda.
2023-yil dekabr oyida Oliy Rada tibbiy nashani qonuniylashtirish to‘g‘risidagi qonun loyihasini qabul qilgandi. Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab olti oy o‘tgach kuchga kiradi.
Bugungi kunda 30 dan ortiq davlatda tibbiy va sanoat maqsadlarida kanop o‘simligidan foydalanish qonuniylashtirilgan.
Marixuana bu — kanop o‘simligi barglarining maydalangan aralashmasi. Kanop barglarining asosiy psixoaktiv komponenti tetragidrokannabinol hisoblanadi. Tibbiyotda qo‘llaniladigan psixoaktiv bo‘lmagan modda esa kannabidiol deb ataladi.
Izoh (0)