Qozog‘iston sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyevning jiyani Qayrat Satibaldidan davlat foydasiga 44,6 milliard tenge (98 million dollar) musodara qilindi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurash agentligiga tayanib, “TASS” xabar berdi.
Satibaldi davlat mablag‘larini o‘zlashtirganlikda ayblanib, olti yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Mablag‘lar davlatga yetkazilgan zararni qoplash uchun respublika byudjetiga yo‘naltirilgan. Yanvar oyida ham Qayrat Satibaldi1,4 650 milliard tenge (1,4 milliard dollar) mablag‘ni davlatga qaytargani ma’lum bo‘lgandi.
Qayrat Satibaldi 2022-yil mart oyida “Kazaxtelekom” aloqa operatoridan mablag‘larni o‘g‘irlash va mansab vakolatini suiiste’mol qilishda gumonlanib hibsga olingan. Nazarboyevning jiyani “Kazaxtelekom” aksiyalarining 24 foizdan ortig‘iga egalik qiluvchi Skyline Investment Company S.A. ofshor kompaniyasi asoschisi bo‘lgan, deb yozadi “Orda.kz”.
O‘sha yilning sentyabr oyida Satibaldi mansab vakolatini suiiste’mol qilish va ikki kompaniyaning mablag‘larini o‘g‘irlashda aybdor deb topilgan. Uning mol-mulki musodara qilingan, o‘zi esa muayyan lavozimlarni egallash huquqidan mahrum qilingan holda 6 yilga qamalgan. U aybini tan olgan hamda Markaziy transport servisi va “Kazaxtelekom” kompaniyalariga yetkazilgan zararni qoplagan, bu esa jazoni yengillashtirishga sabab bo‘lgan.
2023-yil dekabr oyida Satibaldi shartli ravishda ozodlikka chiqish to‘g‘risida ariza bergan, ammo sud uni rad etgan.
Izoh (0)