Qozog‘iston parlamenti Majlisi deputati Maqsat To‘liqbayning aytishicha, Nursulton Nazarboyevning qamoqdagi tadbirkor jiyani mehmonxona sotib olgan. Ko‘chmas mulk qiymati 6 milliard tengega (13 388 971 dollar) baholanmoqda, deb xabar berdi “Daryo”ning Qozog‘istondagi muxbiri.
“Qayrat Satibaldiuli hibsda o‘tirganida Baidala MCHJ bilan oldi-sotdi shartnomasini tuzgan. Ya’ni, qamoqxonaga notarius kelgan, hibsdagi Satibaldi 6 milliard tenge topib, uni ushbu kompaniyaga o‘tkazgan”, — dedi deputat.
Deputat o‘zining Facebook sahifasida kelishuv tafsilotlarini aytib berdi. U bu haqda Olmaotadagi Hilton mehmonxonasi rahbariyati va xodimlari bilan uchrashuvda xabar topganini ma’lum qildi.
Mehmonxona egasining aytishicha, bino 2019-yilda franshiza shartnomasi asosida qurilgan, buning uchun mehmonxonadan 4,2 milliard tenge (9 372 280 dollar) miqdorida bank krediti olingan. 2020-yilda mehmonxona pandemiya sababli vaqtincha yopilgan. Bu vaqtda bank mehmonxonani kollektor agentligiga topshirgan, u esa qandaydir Baidala MCHJga bozor narxidan ancha past narxda sotgan. Mehmonxona egasi buni bosqinchilik deb atadi va buning ortida Qayrat Satibaldiuli turganini aytdi.
Maqsat To‘liqbay arizachilarning barcha shikoyatlarini Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi va Bosh prokuraturaga yuborganini aytdi. Unga murojaat qilganlar faqat bir narsani — vakolatli organlar bu ishni adolatli ko‘rib chiqishini so‘rashmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Qayrat Satibaldiuliga nisbatan poytaxt sudida hukm chiqarilgan. U tegishli moddalar bo‘yicha, olti yilga qamalgan, mulki musodara qilingan va 10 yil muddatga davlat xizmati va milliy kompaniyalarda lavozimlarni egallash huquqidan mahrum qilingan .
Talgat Satibaldi, Ostona