Buyuk Britaniyada elektromobillar savdosining jami soni 1 million donaga yetdi. Bu haqda Avtomobil ishlab chiqaruvchilar va savdogarlar jamiyati (SMMT) bayonotida aytilgan.
Maʼlumotlarga ko‘ra, yanvar oyida elektr motorli avtomobillar savdosi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 21 foizga oshib, 20 935 donani tashkil etgan. Ko‘rsatkichni hisoblash boshlanganidan beri, ya’ni 2002-yildan buyon mamlakatda 1,001 million dona shunday avtomobil sotilgan.
SMMT bosh ijrochi direktori Mayk Xous: “1 million belgisiga erishish uchun 20 yildan ko‘proq vaqt kerak bo‘ldi, ammo to‘g‘ri qo‘llab-quvvatlash bilan biz keyingi ikki yil ichida sotuvlarni yana 1 millionga oshirishimiz mumkin”, — dedi.
Yanvar oyida Buyuk Britaniyada yengil avtomobillar savdosi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 8,2 foizga oshib, 142 876 ta avtomobilga yetdi. Ko‘rsatkich 18 oydan beri ketma-ket o‘sib bormoqda.
Dizel dvigatelli avtomobillar savdosi 10,1 foizga kamayib, 9348 dona, benzinli dvigatelga ega avtomobillar esa 7,5 foizga oshib, 81905 donaga yetdi.
Izoh (0)