Samsung Electronics direktorlar kengashi raisi Chje Li Yong qimmatli qog‘ozlar bilan bog‘liq firibgarlikda aybsiz deb topildi, deb xabar berdi Yonhap axborot agentligi. Unga qarshi sud jarayoni deyarli uch yil-u olti oy davom etdi.
Janubiy Koreya prokuraturasi 2020-yil sentyabrida Liga qarshi ayblovlar qo‘ygan. U aksiyalar narxini manipulyatsiya qilishda, moliyaviy hisobotlar bo‘yicha firibgarlikda va 2015-yilda Samsung’ning ikki bo‘linmasi – Samsung C&T va Cheil Industries o‘rtasidagi shubhali bitimga aloqadorlikda gumon qilingan.
Tergov ma'lumotlariga ko'ra, 2015-yilda moliyaviy hisobotlar bo'yicha firibgarlik natijasida Samsung Biologics kompaniyasining qiymati 4,5 trillion vonga oshirilgan. Natijada Biologics Samsung C&T bilan birlashganda kompaniyaning asosiy aksiyadori Cheil Industries’ning ham qiymati sun’iy ravishda oshgan.
Prokurorlarning ta'kidlashicha, Chje Li Cheil Industries kompaniyasining asosiy aktsiyadorlaridan biri bo'lgan va firibgarlik faoliyatidan asosiy foyda oluvchi bo'lgan.
Bugun bo‘lib o‘tgan sudda sudya ishdagi bir qator nomuvofiqliklar borligini, jumladan, Chje Li aksiyadorlarni chalg‘ituvchi ma’lumotlar berganini tasdiqlovchi dalillarning yetishmasligini ta'kidladi.
Li 2014-yilda otasi sog‘lig‘i sababli nafaqaga chiqqanidan so‘ng Samsung Group boshqaruvini qo‘lga oldi. 2017 yil boshida u mamlakatning birinchi ayol prezidenti Pak Kin Xening korrupsiya ishi bo‘yicha tergov doirasida poraxo‘rlikda ayblangan edi. Shundan so‘ng, u bir yilga yaqin vaqtni qamoqda o‘tkazdi va 2018 yilda ozodlikka chiqdi. 2022-yil oktyabr oyida esa Samsung Electronics direktorlar kengashi raisi etib tayinlandi.
Izoh (0)