Qirg‘iziston prezidenti samolyotida to‘rt nafar bemor Turkiyaga davolanishga jo‘natildi. Bu haqda mamlakat hukumatining “Mediashtab” Telegram kanali xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 3-fevral kuni Bishkekdagi IESda jabrlangan ikki kishi, shuningdek, Bishkek yaqinida Mi-8 harbiy vertolyoti qulashi oqibatida jarohatlangan ikki nafar harbiy xizmatchi Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov topshirig‘iga ko‘ra davolanishni davom ettirish uchun Turkiyadagi ixtisoslashtirilgan klinikalardan biriga jo‘natildi.
Bemorlarga oila a’zolari va ikki nafar shifokor hamrohlik qiladi. Ularning barchasi prezidentning TU-154 samolyoti orqali Turkiyaga yuborildi.
“Jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha barcha chora-tadbirlar Qirg‘iziston prezidenti shaxsan nazoratida bo‘lib, bemorlar, ularning yaqinlari va tibbiyot xodimlarini Turkiyaga yetkazish uchun moliyaviy mablag‘ ajratildi”, — deyiladi xabarda.
Bishkekdagi issiqlik elektr stansiyasida portlash 2-fevralga o‘tar kechasi yuz bergandi. Hodisa oqibatida 5 kishi jabrlangan. Ulardan ikki nafari ambulator davolanishga yuborilgan, yana ikki nafari kuyish jarohati bilan reanimatsiyada og‘ir ahvolda edi.
17-yanvar kuni Mi-8 vertolyoti Bishkek yaqinida o‘quv parvozi vaqtida qulab tushgandi. Vertolyotda 11 kishi bo‘lgan. Ulardan biri halok bo‘lgan, qolganlari kasalxonaga yotqizilgan.
Izoh (0)